Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki

0
169
marta koʻrilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda “Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki” mavzusida davra suhbati oʻtkazdi.

Unda parlament quyi palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni oʻtkazishdan maqsad, mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan muhim ijtimoiy-siyosiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini taʼminlash mezonlarini belgilashdan iboratdir.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov kirish soʻzi bilan ochib, demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi boʻlgan umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri, yashirin ovoz berish tamoyillariga tayangan holda saylov huquqini taʼminlash, saylovlarni erkin va adolatli, ochiq hamda oshkora oʻtkazishga oid huquqiy asoslarini mustahkamlashga, zamonaviy demokratik saylov tizimini rivojlantirishga qaratilgan choralar koʻrilganligiga toʻxtalgan holda, yangi Oʻzbekiston saylov qonunchiligi rivojlanishining bosqichlariga alohida eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlash joizki, Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy saylov tizimi yaratilishida oʻtgan saylov kampaniyalari tahlil qilinib, ularning asosida saylov qonunchiligiga, saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan koʻplab oʻzgartishlar kiritildi. Saylov tizimi bir necha yillar davomida faol rivojlanib bordi, bu oʻzgartishlar mamlakatning siyosiy va huquqiy rivojlanishining mantiqiy davomi boʻlib xizmat qildi.

Soʻzga chiqqan maʼruzachilar saylov tizimining huquqiy asoslari yuzasidan fikr bildirib, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida saylovlarni Saylov kodeksi yordamida huquqiy tartibga solish modeli qoʻllanilishi, yangi Oʻzbekiston ham saylov qonunchiligini kodifikatsiya qilish orqali 2019 yilda beshta saylovga oid qonun oʻrniga yagona Saylov kodeksi qabul qilganligini eʼtirof etdi.

Qayd etilganidek, Saylov kodeksining qabul qilinishi, oʻz navbatida, yangi Oʻzbekistonni demokratlashtirish va liberallashtirish, fikrlar xilma-xilligini qoʻllab-quvvatlash hamda koʻp partiyaviylik yoʻlidan barqaror rivojlanish ifodasi sifatida namoyon boʻldi.

Ahamiyatli tomoni, Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar, shuningdek, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining siyosiy-huquqiy ongining tobora oʻsib borayotgani saylov tizimini yanada takomillashtirishga asosli manba boʻlmoqda. Saylovchilarning elektoral madaniyati va faolligini oshirish, saylov institutiga boʻlgan ishonchni kuchaytirish, aholining faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan dolzarb vazifadir.

Soʻzga chiqqan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari 2019 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylovlar davomida saylov komissiyalariga 4 ming 158 nafar turli darajadagi nogironligi borlar jalb qilingani, 2021 yil may oyida Markaziy saylov komissiyasi va Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston nogironlar uyushmasi oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolaganlari toʻgʻrisida axborot berdilar. Jumladan, nogironligi bor saylovchilar oʻz xohish irodasini erkin ifoda qilishi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida saylov komissiyalari tomonidan bir qator tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi va tegishli zarur axborot materiallari tayyorlandi.

Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi shu davrgacha boʻlib oʻtgan saylovlar davomida toʻplangan milliy tajriba, ilgʻor xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek, xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi hamda elektoral madaniyatining oʻsishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda jadal takomillashib borayotganligini eʼtirof etdilar.

Navbatdagi Prezident saylovi koʻp partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va chinakam tanlov sharoitida oʻtkazilishi uchun barcha asoslar mavjud. Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari, volontyorlarning saylovlarda ishtirok etishdagi oʻrni va imkoniyatlari kengaytirilmoqda, odamlarning fuqarolik masʼuliyati hamda siyosiy-ijtimoiy faollik darajasi oshmoqda.

Davra suhbati konstruktiv ruhda oʻtkazilib, ishtirokchilar tomonidan saylov kampaniyasini yuqori darajada oʻtkazish, bunda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirokini oshirish, ularning joylardagi targʻibot ishlarini ragʻbatlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.