Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi. Mamlakatimizda oʻn mingdan ortiq NNT va jamoat tashkilotlari faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ulardan biri Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi (SPGI)dir.
Markaz Texnik hamkorlik va taraqqiyot Agentligi (ACTED) bilan hamkorlikdagi “Oʻzbekistonda ayollarni qoʻllab-quvvatlash, himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish” loyihasi doirasida onlayn tadbir tashkil etdi.
“Oʻzbekistonda gender tengligi. Gender zoʻravonligiga barham berishda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining roli va ahamiyati” mavzuidagi video treningda Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent, Sidaryo, Xorazm viloyatlari NNT vakillari ishtirok etdi.
Joriy yilning 24-25 iyul kuni “Strategiya va taraqqiyot Markazi”da boʻlib oʻtgan treningda Nodavlat Notijorat tashkilotlariga ayollarga nisbatan zoʻravonlik masalalariga yoʻnatirilgan faoliyatini samarali va taʼsirli amalga oshirish usul va uslublaridan saboq berildi.
Gender va oilaviy zoʻravonlik muammolarini tahlil qilish hamda ushbu muammolarning dolzarbligi, xususiyatlari, sabab va oqibatlari haqida tushuncha xosil qilish niyatida oʻtkazilgan tadbirda ishtirokchilar avvalo ushbu yoʻnalishdagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari va xalqaro hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumot olishdi. Shuningdek, seminarda olingan bilim va amaliyotni kundalik ishlariga qoʻllash imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Trening faoliyati interfaol ishtirok etish, oʻzaro fikr almashish va ishtirokchilar oʻrtasida muloqot qilish usulida oʻtkazildi.
R. SAPOYEVA tayyorladi