Yangi Oʻzbekiston – nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa!

0
300
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigida taʼkidlaganlaridek: “Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, biz bundan toʻrt yil oldin Harakatlar strategiyasini qabul qildik hamda keng koʻlamli va shiddatli demokratik islohotlarni boshladik. Ularning huquqiy asosini Konstitutsiyamizga 7 marta kiritilgan oʻzgartirishlar, qabul qilingan 5 ta kodeks va 250 ga yaqin qonunlar tashkil etmoqda.

Oʻtgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay oʻzgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi boʻlgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak gʻurur va iftixor bagʻishlaydi”.

“Har bir davlat oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻlini tanlar ekan, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini oʻzining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, oʻz xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak marralardan hech qachon ogʻishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini koʻramiz.

Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega boʻlish, taʼlim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, soʻz hamda eʼtiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi”.

Koʻhna zaminimiz odamlari koʻnglida ustuvor boʻlgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bagʻrikenglik, mardlik, tantilik kabi ulugʻ xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib oʻrin olgan. U umuminsoniy gʻoyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo doʻstlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulugʻ gʻoyalarga xizmat qiladi.

Uzoq asrlar davomida bashariyat ming-minglab qoidalar va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini va oʻta muhimlarini tanlab oldi. Aynan ana shu tanlab olingan qoidalar Konstitutsiyamiz yaratilishiga poydevor boʻldi. Konstitutsiyada bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, hech bir odam ularsiz yashay olmaydi, negaki insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati koʻpincha mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan qoidalar va moddalarga bogʻliqdir.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, oʻz oldiga adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, huquqiy demokratik davlat qurish va xalqni farovon hayot sari olib borish kabi buyuk maqsadlarni qoʻydi.

Bosh qomusimiz muqaddimasida inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqlik tantanali ravishda eʼlon qilinib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyat anglangan holda, oʻzbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat namoyon etilib, xalqaro huquqning umumeʼtirof qilingan qoidalari ustunligi tan olingan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishini taʼminlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish koʻzlanib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan.

Shu maqsadlarni koʻzlab qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bugungi kunda mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini taʼminlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati boʻlib kelmoqda…

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, roʻy berayotgan barcha oʻzgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda.

Mamlakatimizda davlatni jamiyatga, xalqqa xizmat qiluvchi institutga aylantirish, uning faoliyatini qonunlarga tayanib qurishga qattiq kirishilgan, desak xato boʻlmaydi. Fuqaro – jamiyat – davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatning oqilona va adolatli huquqiy yechimi Konstitutsiyadir.

Prezidentimizning “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda mustaqillik yillarida Konstitutsiyamizga tayangan holda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibot, davlatimiz chegaralari daxlsizligi, jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini taʼminlash uchun muhim poydevor boʻldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy yoʻnalish va vazifalar esa Konstitutsiyada bayon etilgan demokratiya va insonparvarlik, xalqchillikka sugʻorilgan meʼyorlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan boʻlib, Bosh qomusimizda tajassum topgan ezgu gʻoyalarni roʻyobga chiqarishning oʻziga xos mexanizmidir.

Har ikki hujjatning zamirida demokratik qadriyatlarning ustuvorligi, inson huquqlarini taʼminlash oliy qadriyat sanalishi, hokimiyatning manbai esa faqatgina xalq ekanligi kabi qoidalar turibdi. Konstitutsiyada ana shu tamoyillar konseptual jihatdan belgilangan boʻlsa, Harakatlar strategiyasida konseptual normalar ijrosini taʼminlashning izchil mexanizmi koʻrsatilgan. Ushbu mexanizmlar esa, farmonda aytilganidek, har yilgi davlat dasturlari asosida takomillashib boraveradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzalarida Muhtaram Prezidentimiz “Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq” deb taʼkidlab, ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi uchun ham muhim vazifani belgilab bergan edilar. Yaʼni, “Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning oʻzini oʻzi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir” deb taʼkidlab, shu oʻrinda Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga ham har bir soha va tarmoq boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning taʼsirchan tizimini yaratishga bosh-qosh boʻlish va tashabbus koʻrsatish taklifini bildirdilar. Shuningdek, “Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat koʻrsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida boʻlishi darkor” dedilar.

Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunida ham nodavlat notijorat tashkilotlar jamoatchilik nazoratining asosiy subyektlaridan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazarda, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshish uchun har bir fuqaro bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarining ham faol boʻlishini taʼminlashni konstitutsiyaviy burchimiz va majburiyatimiz deb bilamiz.

Qolaversa, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini taʼminlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash, Asosiy qonunimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini keng targʻib etishda barcha soha vakillari hamqadam boʻlishimiz kerak. Yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuygʻularini joʻsh urdirish, Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash asosiy burchimizdir.

Nasimjon Alimov, OʻzNNTMA Kengashi raisi,  O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi Siyosiy taʼlim markazi rahbari

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.