“Uchinchi sektor” nomini olgan fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolik jamiyati institutlari Oʻzbekistonda aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, inson huquqlarini taʼminlash va huquqiy madaniyatni shakllantirishda muhim omil boʻlmoqda. Bularning barchasi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati va uning institutlarini isloh etish hamda demokratlashtirish, rivojlantirish jarayoni takomillashayotganidan dalolat beradi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2021 yilning 3 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5012-sonli Qarori, 4 mart kuni esa, “2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6181-sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatlar Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning zamonaviy bosqichida yangi sahifani ochib berdi.
Yuqoridagi Prezident Farmoni va Qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) tomonidan tanlov asosida tanlab olingan 50 nafar eng faol nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari boshqaruvi” yoʻnalishi boʻyicha tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kursida tahsil oldilar. Bu albatta, davlatimiz rahbarining nodavlat notijorat tashkilotlariga koʻrsatayotgan eʼtibori va gʻamxoʻrligidir!
Oʻquvlarda tinglovchilarga nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining jamiyatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishdagi muhim strategik maqsad va vazifalari toʻgʻrisida tizimli yondashuvga asoslangan toʻliq umumkasbiy bilimlarini shakllantirish, faoliyatiga oid xalqaro tajriba boʻyicha eng zamonaviy nazariy bilimlar bilan tanishtirish, davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali tashkil qilish koʻnikmalarini takomillashtirish hamda ish vaqtini oqilona taqsimlash, inson resurslarini boshqarish, shaxsiy samaradorlikka erishishda boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish boʻyicha zaruriy bilimlar berildi.
Oʻquv kursi oxirida tashkil etilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Sh.Bekmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.A.Akbarova, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi K.N.Ishanxodjayevlar bitiruvchilarni tabriklab, ularning kelgusi faoliyatlariga omadlar tiladilar.
Tadbir soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining sertifikatlari NNT rahbarlariga tantanali ravishda topshirildi.
Nargiza Hamraqulova, “Umrboqiy meros” targʻibot markazi
matbuot kotibi