YUNISEF bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” global tashabbusi

0
239
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekistonning kelajagi va salohiyati boʻlmish yoshlar mamlakatimiz aholisining 55 foizini  tashkil etadi. Bugungi bolalar va yoshlar 20 yildan soʻng Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiquvchi yurtimiz tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. 

Hukumatimiz tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga, yoshlar bilan ishlash siyosatini takomillashtirishga davlatning ustuvor yoʻnalishi sifatida eng yuqori darajada eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlar uy-joyga ega boʻlishiga, taʼlim olishiga, bandligiga, ijtimoiy himoyalanishiga katta mablagʻlar ajratilmoqda. Davlat rahbari yoshlar bilan muntazam muloqotda boʻlish zarurligini taʼkidlaydi. Bu borada “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari, Yoshlar parlamentlari muloqot uchun maydonga aylanib ulgurdi. Vazirlar, Yoshlar ishlari agentligi va Prezidentning oʻzi yoshlar bilan tez-tez uchrashmoqda.  

   Ushbu ishlarning mantiqiy davomi va yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuvlar taklifi sifatida “Yuksalish” umummilliy harakati BMTning Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” global tashabbusini amalga oshirishni boshladi. Uning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, har bir bola va yosh yigit-qiz ular uchun xavfsiz boʻlgan, asosiy ijtimoiy xizmatlardan foydalana oladigan hamda ularning ovozlariga quloq tutib, fikr-mulohazalari eʼtiborga olinadigan muhitda oʻsish va rivojlanish huquqiga ega.  

Tashabbus mahalliy boshqaruv tizimida bolalar huquqlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratishga hizmat qiladi, shuningdek, bolalarning fikri va ehtiyojlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi boʻlgan jamoatchilikni shakllantirishga yordam beradi.    Maqsad – bolalar va yoshlarning bevosita ularning hayotiga tegishli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishiga va tegishli ravishda joylarda harakat daturlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan tizimli yondashuvni qoʻllashdir.  

— Oʻzbekiston hukumati yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, ularning boshqaruvdagi ishtirokini oshirish masalalarini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylantirgan, — deydi YUNICYeFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — YUNISEFning «Bolalar va yoshlarga doʻstona shahar» global tashabbusi mahalliy darajada mavjud yoshlar dasturlariga tizimli yondashishga, samarali amalga oshirish va baholashga yordam beradi. 2021 yil Oʻzbekistonda «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deya eʼlon qilingan. Men, aynan shu yilda Oʻzbekistonning ushbu tashabbusga  qoʻshilayotganini maʼlum qilishdan juda mamnunman. 

   Tashabbus doirasida quyidagi yoʻnalishlar qamrab olinadi:    yoshlar bandligi tizimini takomillashtirish; — qoʻshimcha taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

yoshlar madaniyatini rivojlantirish; — xavfsizlik va farovon atrof-muhitni yaratish;  sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish.

— YUNISEF bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur tashabbus muhim boʻlgan yana bir masalani qamrab oladi. Bu — yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, muhim qarorlar qabul qilinishida ularning ishtirokini kengaytirish, yoshlarning ovozini eshitish, — deydi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Bizning vazifamiz bu borada tizim yaratish, tadqiqotlar oʻtkazish va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etishga qaratiladi. Tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirgan shaharlarga aynan yoshlar takliflarini, muammolarini hal etish uchun qoʻshimcha moliyaviy koʻmak ajratish ham koʻzda tutilgan. 

Oʻzbekistonda “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” dastlab turli viloyatlardagi 5 ta shaharda amalga oshiriladi. Buning uchun hamkor tashkilotlar uslubiy, texnik va moliyaviy koʻmak beradi. Avvalo, joylarda bolalar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilinib, ularni takomillashtirish boʻyicha dasturlar shahar hokimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Tashabbus haqida maʼlumot: “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” global tashabbusi YUNISEF tomonidan 1996 yilda BMTning aholi punktlarini rivojlantirish masalasi boʻyicha ikkinchi konferensiyasi rezolyusiyasi doirasida ilgari surilgan. Bugungi kunda ushbu tashabbus dunyo boʻylab 3 000 ta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlarni qamrab olgan. Tashabbusni amalga oshirishda, shuningdek, Oliy Majlis Senati,  Yoshlar ishlari agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi, mahalliy hokimliklar hamkorlik qiladi.    Mazkur tashabbusni har ikki yilda bir marta shaharlar va tuman markazlari oʻrtasida ham oʻtkazish taklif qilindi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.