Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Nasimjon Alimov telefon qilib, Sharq ziyokori»dagi tadbirga taklif qildi. Kitob magazinida oʻzimning ham ishim borligi uchun oldinroq bordim. U yerda tadbir qahramoni volontyor qiz Zilolabonu Xoliqova va uning oilasi bilan tanishdim.
Zilola internet orqali ijtimoiy tarmoqda “Ohu” klubini tashkil etgan va volonterlik asosida ishlab kelayotgan fidoyi inson. Volontyorlik boʻyicha davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlab, kichkintoylarni ragʻbatlantirish yoʻlidagi amalga oshirayotgan faoliyati meni qiziqtirdi.
Koʻngillilik asosida ishlayotgan qiz ijtimoiy tarmoqda yosh ijodkorlar oʻrtasida “Yaxshilarning yaxshisi” tanlovini eʼlon qilgan. Tanlovga turli viloyatlardan 50dan ortiq ijodkorlar oʻz faoliyati haqida sheʼr, hikoya, kartinalarini joʻnatishgan. Raqqoslar va qoʻshiqchilar esa oʻz tasvirlari bilan qatnashishgan.
Volontyor qiz tadbirda beshta yoʻnalish boʻyicha 20 ijodkorni ragʻbatlantirdi. Ular safida Chust tumanining 69-maktab 5-sinf oʻquvchisi Goʻzal Qosimova raqs yoʻnalishida, Durzoda Daminova ham ushbu yoʻnalish gʻolibi boʻldi. Jasur Jumayev rassomlik iqtidorini uchun peshqadam boʻlib, tadbirda oʻz koʻrgazmasini namoyish qildi. Hikmatilla Ahmadjonov ashula yoʻnalishida qadimiy maqom qoʻshiqlarini kuylab barchani xushnud qildi.
Men tadbirda mehr-muhabbat gʻolib degim keldi. Zilolabonuning tadbirini akasi ”Sharq ziyokori” kitob magazinining direktori Umid Xoliqov uyushtirib berdi. Onasi “Shuxrat” medali sohibi akter Raʼno Qodirjonova, opasi Laylo Nosirova yonida qoʻsh qanot boʻlishdi.
OʻzNNTMA Kengashi raisi Nasimjon Alimov, “Oltin meros” jamgʻarmasi raisi Amirqul Karimov, “Umrboqiy meros” markazi rahbari Lutfiya Mirzayeva Zilolabonu Xoliqovani faxriy yorliq bilan qutlab, esdalik sovgʻalari taqdim qilishdi.
Men ham goʻzal siyratli va suvratli qizning saʼy harakatlaridan intilishlaridan xursand boʻlib, fidoyiligini ragʻbatlantirib, “Yurt qoʻshiqlari” mualliflik kitobimni «Sogʻlom ona va bola» markazimiz nomidan armugʻon qildim.
Mamlakatimizda “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Koʻngllilarga hukumatimiz alohida eʼtibor berayotgani bejiz emasligini shu jamoatchi qiz timsolida koʻrdim.
Shuningdek, tadbirda mehr-oqibat, insoniylik, milliy qadriyatlarimiz bardavomligining guvohi boʻldim. Tadbirda menga soʻz berilganida hayotda hamisha mehr –muhabbat, samimiyat, ezguliklar gʻolib boʻlganligini taʼkidladim.
– Qizim Zilolabonu bolagida kasallikka chalinib, quloqi eshitmaydigan boʻlib qoldi. Lekin gapira oladi. Isʼtedodli. “Mehrigiyo”, “Baxt qoʻngʻiroqi” kabi koʻplab toʻplamlarda ijod namunalari chop etilgan. Ijod namunalari hind, rus, tojik, qozoq tillaridagi almanaxlarga ham kirgan. Biz qizimning hayotda oʻz oʻrnini topib ketishini, sevgan kasbi boʻlishini juda-juda xohlaymiz, – deydi Zilolabonuning onasi Raʼno Qodirjonova.
Zilolabonu hayotda allaqachon oʻz oʻrnini topgan boʻlib, isʼtedodli qizga hamisha ezguliklar qanotida yashab, orzu tilaklariga yetib yurishida tilakdoshmiz!
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist