Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari, shuningdek, tashkilotning virtual qabulxonasi va yagona intertaktiv portaliga 2017 yilda aholidan 14 ming 127 ta ariza, taklif va shikoyatlar kelib tushgan. 4 milliard 397 million 410 ming soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishilgan.
Bu mamlakatimizda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilanganidan dalolatdir. Zero, Asosiy qonunimizning 53-moddasida isteʼmolchilar huquqlari ustunligi prinsipi oʻz ifodasini topgan. 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrda qabul qilingan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Federatsiya tomonidan muntazam ravishda aholi bilan tashkil qilinayotgan sayyor muloqotlar, ochiq eshiklar kuni samarasi oʻlaroq muammolar joyida ijobiy hal etilishiga erishilayotir. Murojaatlarni belgilangan muddatda koʻrib chiqishga masʼuliyat bilan yondoshilayotganligi esa aholining Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyatiga boʻlgan ishonchini mustahkamlamoqda.