2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida

0
128
marta koʻrilgan.

 «2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi PF-5290-son farmoni  Prezident.uz saytida eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi PF-5290-son farmoni

2018 yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida toʻliq dam olishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishi, shuningdek, ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida: 

1. 2018 yilda quyidagi qoʻshimcha dam olish kunlari belgilansin: 

2 yanvar – seshanba; 

20 mart – seshanba; 

31 avgust – juma. 

2. 2018 yilda quyidagi dam olish kunlari koʻchirilsin: 

6 yanvar – shanba 3 yanvar – chorshanbaga; 

17 mart – shanba 19 mart – dushanbaga; 

24 mart – shanba 22 mart – payshanbaga; 

25 avgust – shanba 23 avgust – payshanbaga; 

26 avgust – yakshanba 24 avgust – jumaga; 

8 sentyabr – shanba 3 sentyabr – dushanbaga; 

15 sentyabr – shanba 4 sentyabr – seshanbaga; 

29 dekabr – shanba 31 dekabr – dushanbaga. 

3. Belgilab qoʻyilsinki: 

byudjet tashkilotlarida qoʻshimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi, har yilgi mehnat taʼtili davrida saqlanadigan oʻrtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat taʼtilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq belgilangan qoʻshimcha dam olish kunlari qoʻshiladi; 

byudjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq qoʻshimcha dam olish kunlari mehnat taʼtiliga qoʻshimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi; 

har yillik mehnat taʼtilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam boʻlmasligi kerak. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A.Xaitov): 

Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov), Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.Abduhakimov), Moliya vazirligi (J.Qoʻchqorov) va Iqtisodiyot vazirligi (B.Xoʻjayev) bilan birgalikda xodimlarning dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini taʼminlashni inobatga olgan holda kelgusi kalendar yili uchun qoʻshimcha dam olish kunlarini belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida har yili 15 oktyabrdan kechikmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J.Qoʻchqorov) bilan birgalikda Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov) bilan kelishgan holda ushbu farmon qoidalarini hisobga olib, yillik mehnat taʼtili paytida saqlab qolinadigan oʻrtacha ish haqi miqdorini aniqlash boʻyicha yoʻriqnomani bir oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlasin; 

har yili 15 noyabrgacha kelgusi kalendar yil uchun ish vaqti kalendarini oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.Abduhakimov) Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi (Q.Quronboyev), Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov), «Oʻzbekiston havo yoʻllari» MAK (U.Rozuqulov) va «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ (A.Shukurov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda dam olish bayram kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yoʻnalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar oʻtkazilishini tashkil etsin. 

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari:

aholining uzaytirilgan bayram (dam olish) kunlarida maroqli va foydali dam olishini tashkil etish boʻyicha tizimli choralar koʻrsinlar; 

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.Abduhakimov) va Milliy teleradiokompaniya (A.Xoʻjayev) bilan birgalikda bayram kunlari oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida aholini keng xabardor qilishni taʼminlasin. 

7. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov): 

mehnat jamoalari oʻrtasida ushbu farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish; 

uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila aʼzolarining maroqli dam olishini taʼminlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A.Xaitov) Adliya vazirligi (R.Davletov) bilan birgalikda qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi
            Prezidenti                                                                                      Sh.Mirziyoyev 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.