Poytaxtimizda 2018 yilda yangi quriladigan va mavjud koʻp qavatli uylarning birinchi va ikkinchi qavatida tashkil etiladigan maktabgacha taʼlim maskanlarining reja-jadvali tasdiqlangan.
Joriy yilda Toshkentda 420 dan ortiq koʻp qavatli uy quriladi. Ularning 220 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan, 200 tasi esa davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida barpo etiladi.
220 ta ana shunday uyning birinchi va ikkinchi qavatida tadbirkorlar tomonidan kichik hajmdagi bolalar bogʻchalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda yakka tartibdagi xonadonlarda ham 40-50 oʻrinli xususiy bolalar bogʻchalari tashkil etiladi.
Toshkent shahrida 2018 yilda 53 mingta, 2019 yilda 16 mingta, jami 69 ming nafar bola maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olinadi.
Har bir tumanda 3 tadan 5 tagacha bolalar bogʻchalariga taʼlim muassasalarida sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanishni taʼminlash maqsadida namunali faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan xizmat koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda poytaxtda 632 ta maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 185 tasi xususiy. Taʼlim maskanlarida 123 mingga yaqin oʻgʻil-qiz tarbiyalanmoqda. Toshkent shahrida bogʻcha yoshidagi, yaʼni 3-6 yoshdagi bolalar 190 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.
Nazokat Usmonova, OʻzA