Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji boʻlmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu gʻoyalarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navroʻz mustaqillik yillarida yangicha maʼno-mazmunga ega boʻlib, tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylandi.
Navroʻz bayramining beqiyos ijtimoiy-maʼnaviy ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu qutlugʻ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:
1. 2018 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita Navroʻz bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada oʻtkazishga qaratilgan, “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navroʻz boʻlsin!” degan gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini oʻn kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
Navroʻz munosabati bilan inson oʻzini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil qilish;
barcha shahar va qishloqlarda Navroʻzning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni oʻtkazish bilan bogʻliq urf-odatlar, qadriyat va anʼanalarning mohiyati va ahamiyatini oʻzida mujassam etgan ommaviy sayillar oʻtkazish;
Navroʻz kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olish, ularga begʻaraz koʻmak berish, jamiyatda oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan sayillarga folklor-etnografik guruhlari va ansambllarni, taniqli sanʼatkorlar, havaskor xonanda va sozandalar, baxshilar, askiyachi va qiziqchilar, dorbozlarni, yosh ijrochilarni keng jalb etish;
xalq sayillari dasturlarini tayyorlashda xalqona oʻyinlar, folklor sanʼatining eng yaxshi namunalariga keng oʻrin berish, hunarmandlik koʻrgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baxshi, mohir laparchi yoʻnalishlari boʻyicha koʻrik-tanlovlar oʻtkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etish.
3. Tashkiliy qoʻmita tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab aholining keng qatlamlari oʻrtasida maʼrifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, ijodiy kechalar oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va sanʼatkorlardan iborat maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi taʼminlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar boʻyicha yuksak mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga:
Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzish;
bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlash;
mart-aprel oylarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yoʻlga qoʻyilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish;
Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylari, kam taʼminlangan oilalar va nogiron shaxslarga moddiy yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklansin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 23 fevral
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat portali