Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga muvofiq joriy yildagi ishlarni mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi.
Investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, iqtisodiyotning yuragi. Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilgʻor tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi.
— Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi boʻlib yashashi – bizning bosh maqsadimizdir, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishdagi ulkan rejalar va muhim vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.
Ochiq iqtisodiyot, sogʻlom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Yoshlarga munosib taʼlim berish, ilmiy va oʻquv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilash, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar yangi bosqichda davom ettiriladi.
— Biz faqat investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishga erishamiz.
Iqtisodiyotdagi ijobiy natijalar esa ijtimoiy sohada toʻplanib qolgan muammolarni tizimli hal etish imkonini yaratadi, dedi davlatimiz rahbari.