Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan
Qadrli xalq noiblari!
Aziz yurtdoshlar!
Barchangizga maʼlumki, kirib kelayotgan 2021 yilda Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil toʻladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda, “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida keng bayram qilamiz.
Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz, albatta.
Taʼkidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi boʻgʻini, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor koʻrsatdi.
Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi toʻlqini” va u bilan bogʻliq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh boʻlishga undamoqda.
Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sogʻliqda, deb bilgin”, degan chuqur maʼnoli soʻzlari naqadar toʻgʻri ekanini hayotning oʻzi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.
Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilgʻor yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur.
Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish – eng ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlishi lozim.
Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi hal qiluvchi oʻrin tutadi.
Shu sababli biz islohotlarimiz koʻlami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.
Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.
Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib, xizmat qilishi lozim.
Ushbu maqsad yoʻlida yoshlarimiz oʻz oldiga katta marralarni qoʻyib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʻmak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʻlishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.
Shu maqsadda, “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshiramiz.
Birinchidan, yosh avlodga bogʻcha, maktab va oliygohda sifatli taʼlim-tarbiya berishni yoʻlga qoʻyamiz, ular jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, vatanparvar insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.
Uchinchidan, oʻgʻil-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ish va uy-joy bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Bir soʻz bilan aytganda, bola tugʻilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi.
Dunyo tajribasi shuni koʻrsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi.
Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino bundan ming yil oldin, “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir boʻladigan qiyinchiliklardan qoʻrqmaydi”, deb bejiz aytmagan.
Yaqinda Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida va Chilonzor tumanida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda yoshlarimiz tomonidan bildirilgan dadil fikr va tashabbuslar meni juda quvontirdi. Ayniqsa, kuni kecha Yoshlar forumida oʻgʻil-qizlarimizning yonib turgan koʻzlarida ulkan azmu shijoatni, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni koʻrib, yanada ruhlandim va ulardan kuch oldim.
Ibn Sino bobomiz aytgan dovyurak va botir yoshlar aynan shu farzandlarim ekaniga yana bir bor amin boʻldim.
Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʻra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi gʻayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʻzlagan marralarga albatta yetamiz. Yangi Oʻzbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz.
Ana shu muhim yoʻnalishlarda boshlagan ishlarimizni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etaman.