2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida

0
304
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–60-son Farmoni bilan reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, perinatal markazlarni zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan jihozlash, ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash vazifasi belgilandi.

Soʻnggi besh yil davomida amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat onalik va bolalikni tizimli ravishda muhofaza qilish imkonini yaratdi, natijada onalar va goʻdaklar oʻlimining kamayishiga erishildi.

Shu bilan birga, olis hududlarda tibbiy yordamni maqsadli yoʻnaltirish tizimini yuqori darajada tashkil etish, onalar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish, ambulator yordamni yanada yaxshilash, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiy genetika hamda zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish talab etilmoqda.

Onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sogʻlom bola tugʻilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2022-2026 yillarda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

a) sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida onalar va bolalar oʻrtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sogʻlomlashtirish dasturlarini amaliyotga joriy etish, shu jumladan:

sogʻlom farzand tugʻilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari boʻyicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, toʻgʻri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targʻib etish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish;

bolalar, homilador hamda emizikli ayollarni vitamin va minerallar bilan bepul taʼminlash hamda maqsadli skrining tadbirlari orqali kasalliklarning samarali profilaktikasini olib borish;

b) 2022-2026 yillarda onalar va bolalar uchun tibbiy xizmat koʻrsatiladigan obyektlarni rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

v) diagnostika va davolashning yuqori texnologiyali hamda innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish hamda soha xodimlarining ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish.

2. 2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

quyidagilarni:

Nukus shahrida “Bolalar tibbiyot klasteri”;

yangidan tashkil etilayotgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimatsiyasi boʻlimi;

2022 yil 1 maydan boshlab tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahri oilaviy poliklinikalarida bolalar boʻlimi;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amaldagi shtat birliklari doirasida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlari hamda kechayu kunduz shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi pediatriya postlari;

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy-genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarga barvaqt tashxis qoʻyish boʻyicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyalarini tashkil etish;

Respublika perinatal markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar perinatal markazlari va bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida 2022-2023 yillarda jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

yangi tugʻilgan chaqaloqlarda eshitish nuqsonlarini erta aniqlashga qaratilgan audioskrining tadbirlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari va hududlardagi barcha tugʻuruq komplekslarida tatbiq etish;

audioskrining tadbirlari natijalarini tahlil qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan elektron kuzatuv (trekingmarkazlarini jihozlash.

Belgilansinki:

a) Nukus shahridagi “Bolalar tibbiyot klasteri” Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi binosini yangidan qurish orqali tashkil etiladi.

Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasi va Bolalar stomatologiya poliklinikasi “Bolalar tibbiyot klasteri” tarkibiga kiritilib, yagona boshqaruv yoʻlga qoʻyiladi;

“Bolalar tibbiyot klasteri” binosi 2023 yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi;

b) 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda 6 oʻrindan kam boʻlmagan chaqaloqlar reanimatsiyasi boʻlimi qoʻshimcha shtat birliklari ajratish hisobidan tashkil etiladi;

v) tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida tashkil etiladigan bolalar boʻlimi mavjud shtat birliklari doirasida shakllantiriladi va unda pediatriya yoʻnalishi boʻyicha barcha tor soha mutaxassislari, maktab oʻquvchilariga xizmat koʻrsatish uchun shifokor-pediatrlar, bolalar shifokor-ginekologi, tegishli oʻrta tibbiyot xodimlari, vaksinatsiya xonasi xodimlari, “tibbiyot brigadalari”dagi pediatriya hamshiralari faoliyat yuritadi;

g) shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun kechayu kunduz faoliyat yuritadigan qoʻshimcha navbatchilik postlari tashkil etiladi.

4. Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan bolalar hamda homilador va tugʻish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan toʻliq qamrab olish uchun 2022 yil 1 iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qoʻshimcha 3 600 ta2023 yil 1 yanvardan boshlab yana qoʻshimcha 4 900 ta oʻrta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratilsin.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tizimiga qoʻshilishi koʻzda tutilgan yangi shtatlardan kelib chiqib, shtat meʼyorlarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 noyabrdagi “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish toʻgʻrisida”gi PQ–4513-son qarori bilan tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi (A.N. Aripov):

onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar hamda chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy nazorat qilsin;

har chorakda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har bir viloyat, tuman (shahar) kesimida maʼlumot taqdim etib borsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda «Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari boʻyicha» respublika shtabi, 14 ta hududiy shtatlar faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

Hududlarda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, onalar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat faoliyatini tizimli oʻrganish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda ijrosini nazorat qilish shtabning asosiy vazifalari hisoblansin.

7. Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hududida ilik koʻchirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish maqsadida 2022 yilda yangi maxsus amaliyot kompleksining binosini qurish va jihozlash uchun Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasidan zarur mablagʻ ajratilsin.

2022 yil 1 maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyilsin.

8. Moliya vazirligi ushbu qarorda koʻzda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun har yili Davlat byudjetidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda 2022-2025 yillar davomida 227 ta tugʻuruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni toʻliq taʼmirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kredit mablagʻlarini jalb qilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.