2019-2021 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi, energetika, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlashda innovatsion va texnologik rivojlanishni taʼminlash va ragʻbatlantirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Xususan:
respublikamiz 81 ta indikator boʻyicha baholanadigan Global innovatsion indeksi reytingida 2015 yilga nisbatan 36 ta pogʻonaga koʻtarildi;
innovatsiya va ilm-fan sohalariga Davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablagʻlar hajmi 2018 yilga nisbatan 3 baravarga oshirildi va 1,5 trillion soʻmga yetkazildi;
yosh olimlar 2018 yilda 6,5 ming nafar boʻlgan boʻlsa, 2022 yilda ularning soni 10,8 ming nafarni tashkil etdi, yaʼni bir yarim baravarga oʻsdi;
oxirgi 4 yilda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha maxsus institutlar (innovatsion jamgʻarmalar, venchur tashkilotlar va boshqalar) soni 28 taga yetkazildi;
2018 yildan boshlab har yili oʻtkazilayotgan Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi – “Innoweek.uz” xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes-inkubatorlarni bir maqsad yoʻlida jamlovchi innovatsion texnologiyalar platformasiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning real sektorida ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasi, ilm-fan, taʼlim va sanoat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari nisbatan past boʻlib qolmoqda.
Respublikada innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish maqsadida:
1. 2022-2026 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
innovatsion infratuzilma subyektlari (innovatsion texnologik park, texnologiyalar transferi markazi, innovatsion klaster, venchur tashkiloti, innovatsiya markazi, startap akselerator, inkubator) tarmogʻini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qoʻllab-kuvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni (kapital yaratish) tashkil etish;
innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish;
kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal oʻsishini taʼminlash;
yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalar yaratishning gʻoyadan yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan kompleks tizimini taʼminlash orqali innovatsiyalarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish;
yaratilgan kapitalni “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga qayta yoʻnaltirish tizimini shakllantirish;
taʼlimning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik koʻnikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyat boshqaruvida inson kapitalini yanada rivojlantirish.
Belgilansinki, Strategiya erishilgan natijalar va maqsadli koʻrsatkichlar boʻyicha tegishli asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda, 2024 yildan boshlab alohida-alohida tasdiqlanadigan “Yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli koʻrsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirishning hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) Maqsadli koʻrsatkichlar, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:
innovatsion faoliyat subyektlari (sanoat ishlab chiqarish tashkilotlari) sonini 613 tadan 2 250 tagacha yetkazish;
innovatsion infratuzilma subyektlari (texnoparklar, texnologiyalar transferi markazlari, innovatsion klasterlar, venchur tashkilotlar, innovatsiya markazlari, biznes-inkubatorlar va akseleratorlar) sonini 3 baravarga oshirish;
innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish oʻrinlari sonini 4 baravarga oshirish;
ichki va tashqi bozorlarda tijoratlashtirish natijasida yaratiladigan yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 baravarga oshirish;
b) Strategiyani hududlar kesimida amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:
hududdagi innovatsion markazlar sonini 494 tagacha etkazish;
texnologik innovatsiyalar bilan shugʻullanuvchi mahalliy sanoat korxonalari sonini 600 tagacha etkazish;
hududlarda yaratiladigan yangi texnologiyalar sonini 384 tagacha oshirish;
hududlarda yillik roʻyxatga olingan patentlar sonini 184 tagacha etkazish;
xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy, innovatsion va texnologik loyihalar sonini 183 tagacha oshirish;
innovatsion startaplar sonini 1 437 tagacha etkazish.
5. 2022 yil 1 avgustdan boshlab innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishda “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy taʼlim tashkilot” zanjirining quyidagilarga asoslangan yaxlit tizimi joriy etilsin:
hududiy tarmoq tashkilotlari innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyoj(lar) portfelini ishlab chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalariga taqdim etadi;
Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalari tarmoq muammolarining ilmiy yechimini taʼminlash boʻyicha ijrochi ilmiy/oliy taʼlim tashkilotini (innovatsion spin-off kompaniyasini) tanlov asosida aniqlaydi;
tanlov natijalariga koʻra ilmiy/oliy taʼlim tashkiloti (innovatsion spin-off kompaniya) “1+1” prinsipi asosida tarmoq tashkilotlari bilan birga ishlab chiqilgan loyihalarni moliyalashtiradi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqarilishi bozorda muvaffaqiyatli oʻzlashtirilgan innovatsion mahsulotlarni kengaytirish va kelgusida seriyalab sanoatda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida investitsiya portfeli ishlab chiqiladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy taʼlim tashkilot” zanjirini amaliyotga toʻliq va sifatli tatbiq qilish boʻyicha tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Belgilansinki:
a) 2022 yil 1 avgustdan “tubdan yangilovchi” innovatsiyalar yaratishni ragʻbatlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat organlari va yirik davlat tashkilotlari bilan shartnomalarni toʻgʻridan-toʻgʻri imzolash huquqi berilib, savdo xaridlari Elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladi;
ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida foyda soligʻini toʻlagunga qadar foydaning 10 foizgacha miqdoridagi ajratmalari hisobidan korxonalarning alohida hisob raqamida shakllantiriladigan Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarma (keyingi oʻrinda – Jamgʻarma)lari tashkil etiladi. Bunda:
Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarni yaratishga va joriy qilishga yoʻnaltiriladi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi;
Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzakov ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari tomonidan mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlarni Jamgʻarmalarga oʻz vaqtida ajratish va undan maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi, shuningdek, har yarim yilda ular rahbarlarining hisobotini eshitadi.
Moliya vazirligi Hisob palatasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ustav fondida 50 va undan ortiq foiz davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida jamgʻarma tashkil etilishi, uning mablagʻlari tasdiqlangan miqdorda shakllantirilishi hamda maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin;
b) ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ulushli moliyalashtirish mexanizmiga muvofiq yangi ishlanmalarni joriy etish asosida yaratilgan innovatsiyalarni – intellektual mulkni ishlanma egalari bilan birgalikda patentlash va tijoratlashtirishni tashkil etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
7. Quyidagilar:
2026 yilga kelib mamlakatimiz Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 56 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishishni bosh maqsad qilib qoʻyganligi;
2021 yilda Global innovatsion indeks reytingi eʼlon qilinganligi, unda Oʻzbekiston oʻtgan yilga nisbatan 7 ta pogʻonaga koʻtarilib, 132 ta davlat orasida 86-oʻrinni egallaganligi, shu sababli eng katta pogʻona yuqorilagan mamlakatlar top-10 taligiga kirganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi (T.Narbayeva) Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda Global innovatsion indeks reytingida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha 2022-2026 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda “Innovatsion menejment”, “Loyiha boshqaruvi”, “Tijoratlashtirish”, “Intellektual mulkni boshqarish” yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqsin va 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab tegishli oliy taʼlim muassasalarida joriy qilsin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda mehnat bozorida innovatsion rivojlanish yoʻnalishidagi kadrlarga boʻlgan real ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlangan kadrlar taqsimotini va bandligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Namangan viloyati Chust tumani hokimining innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etilganligi hamda uning faoliyati davomida ijobiy koʻrsatkichlarga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining oʻz tuman (shahar)larining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, innovatsion hududga aylantirish maqsadida har bir hududda qoʻshimcha tuman (shahar)larni belgilash haqidagi taklifiga rozilik berilsin hamda ushbu hududlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Nukus, Marhamat, Romitan, Doʻstlik, Nishon, Karmana, Urgut, Sirdaryo, Oltinsoy, Ohangaron, Oltiariq va Gurlan hamda mazkur farmonning 4-ilovada keltirilgan tumanlarda hokimning innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari joriy qilinsin.
Belgilansinki:
hokim oʻrinbosarlari lavozimlari tegishli tuman byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tegishli tuman hokimlarining innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamkorligini tashkillashtiradi.
Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzakov Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda bir oy muddatda innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha hokimlarning oʻrinbosarlari lavozimlari kiritilgan tumanlarni innovatsion hududlarga aylantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi PF-6198-son farmoni bilan innovatsiyalarni joriy etish vazifasi yuklatilgan rahbar oʻrinbosarlarining bazaviy lavozim maoshiga har oylik 30 foiz miqdoridagi ustamalar tegishli vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan (byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi mavjud boʻlmagan taqdirda Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida), xoʻjalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yirik tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
11. Innovatsion rivojlanish vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar, ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarining innovatsion faoliyati natijalari yillik reytingini yuritish;
ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarining ilmiy faoliyati boʻyicha baholash hamda yangi ilmiy ishlanma va texnologiyalar yaratish loyihalarini moliyalashtirishning yangi tizimlarini ishlab chiqish;
Elektron kooperatsiya portali orqali amalga oshiriladigan innovatsion mahsulot va xizmatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga oid shartnomalarning reestrini yuritish;
investitsion loyihalarda innovatsiyalarni joriy qilish, hududlarda oʻzlashtiriladigan investitsiya loyihalarini texnologik yechimlar bilan toʻldirish, shu yoʻnalishlarga investitsiya olib kelinishida koʻmaklashish.
12. Ushbu farmon ijrosini samarali tashkil qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov hamda innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV