Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Joriy yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilarining har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, ularda oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan sportchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Osiyo oʻyinlari tashkiliy qoʻmitasining taklifiga koʻra Xanchjou shahrida (Xitoy) 2022 yil 10-25 sentyabr kunlari XIX yozgi Osiyo oʻyinlari hamda shu yilning 9-15 oktyabr kunlari IV yozgi Paraosiyo oʻyinlarida (keyingi oʻrinlarda – Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari) Oʻzbekiston sport delegatsiyasining ishtirok etishi rejalashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlashning ustuvor vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston sport delegatsiyasining avvalgi Osiyo oʻyinlariga nisbatan sport turlari boʻyicha 30 tadan 35 tagacha hamda Paraosiyo oʻyinlariga nisbatan parasport turlari boʻyicha 8 tadan 13 tagacha, umumiy professional sportchilar sonini 50 foizdan oshirish;
anʼanaviy yakkakurash sport turlari bilan bir qatorda oʻq otish, yengil atletika, eshkak eshish, velosport, gandbol, regbi, basketbol 3x3, suv sporti, shuningdek, paravelosport va parashaxmat sport turlari boʻyicha natijadorlikni oshirish;
sportchilarning genetik va fenokopik imkoniyatlarini oʻrganib, ularga ratsional ovqatlanish hamda mashgʻulot yuklamalarini toʻgʻri taqsimlash boʻyicha tavsiyalar berish va ularni milliy terma jamoalarga jalb qilish, shuningdek, har bir sportchining psixologik portretini shakllantirish orqali psixologik tayyorlab borish;
sport turlari boʻyicha tayyorgarlik jarayoniga xorijiy trenerlar va mutaxassislarni, shu jumladan, sport farmakologlari, diyetologlari, psixologlarini jalb qilish;
sportchilar uchun uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish hamda yakuniy tayyorgarlik bosqichini samarali va sifatli tashkil etish.
3. Oʻzbekiston sport delegatsiyasining 2022 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishi va muvaffaqiyatli ishtirok etishi boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari:
oltin medal uchun – 5 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun – 3 000 AQSH dollari;
bronza medal uchun – 2 000 AQSH dollari;
b) Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlagan trenerlar:
oltin medal uchun – 2 500 AQSH dollari;
kumush medal uchun – 1 500 AQSH dollari;
bronza medal uchun – 1 000 AQSH dollari;
v) Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlagan boshqa mutaxassislar (shifokor, diyetolog, massajist va boshqalar):
oltin medal uchun – 2 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun – 1 000 AQSH dollari;
bronza medal uchun – 500 AQSH dollari miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi;
g) mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Belgilansinki, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari va ularni tayyorlagan trenerlar qoʻshimcha ravishda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantiriladi:
a) Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari:
oltin medal uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida;
kumush medal uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
bronza medal uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi;
b) Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlagan trenerlar:
oltin medal uchun bazaviy hisoblash miqdorining – 200 baravari miqdorida;
kumush medal uchun bazaviy hisoblash miqdorining – 100 baravari miqdorida;
bronza medal uchun bazaviy hisoblash miqdorining – 50 baravari miqdorida;
v) mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar mahalliy byudjetning qoldiq mablagʻlari va daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan qoplanadi.
6. Quyidagilar Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. 2024 yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasiga (A.N. Aripov):
ikki hafta muddatda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida ishtirok etadigan Oʻzbekiston sport delegatsiyasining kontingentini, shuningdek, ushbu oʻyinlarga bosqichma-bosqich tayyorgarlik olib borish sxemasini tasdiqlash;
Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va muvaffaqiyatli ishtirok etish boʻyicha mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini nazoratga olish;
sport sohasidagi malakali mutaxassislar va masʼul sport tashkilotlari vakillaridan iborat Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari tezkor shtablari faoliyatini tashkil etish;
Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan noolimpiya sport turlariga sport bazalarini biriktirish, sport inventarlari bilan taʼminlash, 110 kunlik uzluksiz mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari hamda xalqaro sport musobaqalarida terma jamoa aʼzolari ishtirokini taʼminlash;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi huzurida sportchilarning doping nazoratini olib borish uchun moʻljallangan Dopingga qarshi maʼmuriyat va boshqaruv tizimi (ADAMS) dasturi boʻyicha maxsus ishchi guruhlarini tashkil etish;
natijadorligi past boʻlgan sport federatsiya (assotsiatsiya)larida zamonaviy sport menejmentini yoʻlga qoʻyish.
8. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (Sh.Tashmatov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev)ga:
sportchilarning xalqaro sport musobaqalariga tayyorgarligi davomida jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash, jumladan, trenerlar, sport shifokorlari, hakamlar ishtirokida mahalliy va xalqaro seminar-treninglar, master-klass tadbirlarini oʻtkazib borish choralarini koʻrish;
Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining qatnashishi uchun ularni sport anjomlari, rasmiy libos
va sport ekipirovkasi bilan taʼminlash;
Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarini tantanali kuzatish va kutib olish tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish vazifasi yuklatilsin.
9. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (Sh.Tashmatov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) milliy terma jamoa aʼzolariga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, ularning jismoniy holatini yaxshilash maqsadida:
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) faoliyatini yanada takomillashtirish;
sportchilarning oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari va musobaqalar davrida jismoniy holatini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga moʻljallangan mobil laboratoriyalar faoliyatini tashkillashtirish va ularni zarur jihozlar bilan taʼminlash;
sport turlari boʻyicha terma jamoalarga tibbiyot xodimlarini Markaz orqali biriktirish va jalb etish tizimini yoʻlga qoʻyish;
Markaz ish faoliyati unumdorligini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
10. Belgilansinki:
Markaz faoliyatini yaxshilash maqsadida NexION 1 000 (master-spektro-metr Perkin Elmer) va mobil kriokamera tibbiy asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 2022 yilda faoliyati tugatilgan “Sogʻlom turmush tarzi” platformasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida 5 milliard soʻm yoʻnaltiriladi va 2023 yilda koʻchma laborator tahlillarni oʻtkazish maqsadida 1 dona avtobus xarid qilish uchun Davlat byudjeti parametrlarida zarur mablagʻlar koʻzda tutiladi;
Markaz uchun talab etiladigan boshqa tibbiyot jihozlari va asbob-uskunalarni xarid qilish Markazning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshqulov), Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Mudofaa vazirligi (B.Qurbonov), Milliy gvardiya (R.Djurayev) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan sportchilar, trenerlar va boshqa mutaxassislarning tashkil etiladigan sport musobaqalari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari davrida taʼlim muassasasi oʻquv darslaridan, ish faoliyatidan belgilangan tartibda ozod qilinishini va sport tadbirlarida oʻz vaqtida ishtirok etishini taʼminlasin.
12. Milliy antidoping agentligi (N.Tursunov):
sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirsin;
sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda reja-grafik asosida seminar-treninglar tashkil qilib borsin;
Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarini antidoping mavzulariga oid tegishli oʻquv-axborot materiallari va turli koʻrgazmali maʼlumotlar bilan taʼminlasin.
13. Tashqi ishlar vazirligi (V.Norov):
Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi buyurtmanomasiga muvofiq Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik davri mobaynida terma jamoa aʼzolari uchun xorijga chiqish hujjatlarining tezkorlik bilan rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston sport delegatsiyasining Pekindagi “Beyjing” hamda Xanchjoudagi “Syaoshan” (Xitoy) xalqaro aeroportlarida immigratsiya nazoratidan oʻtishiga koʻmaklashsin.
14. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov):
Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida qatnashishi uchun ularning xorijga chiqish biometrik pasportlari tezkorlik bilan rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
kuzatish va kutib olish tadbirlarida xavfsizlikni taʼminlash va jamoat tartibini saqlash, shuningdek, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi transport vositalari kuzatuvini tashkil etish boʻyicha zarur tashkiliy choralarni koʻrsin.
15. Transport vazirligi (I.Maxkamov):
Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi talabnomalariga asosan joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Xanchjou shahriga (Xitoy) reyslar tashkil etilishi, shuningdek, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi uchun aviachiptalar bron qilinishini;
“Toshkent – Xanchjou – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha charter reyslari tashkil etilishi va amalga oshirilishini;
Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga tegishli boʻlgan sport anjomlari va jihozlarining Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali bepul oʻtkazilishini;
Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportining umumiy zalida “yashil yoʻlak” tashkil qilish va mazkur yoʻlak orqali Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarini kuzatishni va kutib olishni taʼminlasin.
16. Davlat bojxona qoʻmitasi (A.Mavlonov) Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolari va ularning qoʻl yuklarini (sport ovqatlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, sport anjomlari, jihozlar, tibbiy asbob-uskunalar va preparatlar hamda boshqalar) bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish ishlari tezkorlik bilan amalga oshirilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (Sh.Tashmatov) hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda Oʻzbekiston sport delegatsiyasini zarur boʻlgan tibbiy jihozlar, asbob-uskunalar va preparatlar bilan taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) sportchilarning tayyorgarlik jarayonlari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari hamda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida bevosita ishtiroki toʻgʻrisida qisqa metrajli videoroliklar hamda maxsus koʻrsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda keng yoritilishini taʼminlasin.
19. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (Sh.Tashmatov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev), sport federatsiya (assotsiatsiya)lari hamda sport turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktablari tomonidan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish uchun sport anjomlari, jihozlar, uskunalar, delegatsiya rasmiy liboslari, sport ekipirovkasi, sport tibbiyoti jihozlari, tibbiy-biologik preparatlarni xarid qilish, shuningdek, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari boʻlib oʻtadigan sport bazalarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, yotoqxona, sport zallari va sport jihozlari ijarasi hamda ovqatlanishni tashkil qilish bilan bogʻliq tartib-taomillar qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga rioya qilingan holda amalga oshirilsin.
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
joylarda olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari hududiy boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlasin;
tuman (shahar)larda tegishli sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish hamda zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin;
Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan milliy terma jamoa sportchilari, trenerlari va boshqa mutaxassislarini moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlasin, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha masʼullarni biriktirsin;
hududiy terma jamoa sportchilari, trenerlari va boshqa sport mutaxassislarining respublika va xalqaro sport tadbirlari hamda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida uzluksiz ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Sh.Sh.Maxmudov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sh.R.Tashmatov va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M.Tashxodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV