2022 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

0
226
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini oʻzida yaqqol mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida toʻla namoyon qilib kelayotgan Navroʻzi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uygʻun boʻlib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va hamjihatlik singari yuksak gʻoyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib borayotganini alohida taʼkidlash lozim. Yurtimizda erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulugʻlashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navroʻz umumxalq bayrami ham oʻziga xos maʼnaviy tayanch boʻlib xizmat qilmoqda.

Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz oʻzining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi Oʻzbekiston sharoitida Navroʻz tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylanib, el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Xalqimiz asrlar davomida eʼzozlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarafidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning ana shunday beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlar jarayoniga uygʻun va hamohang tarzda, har tomonlama yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida:

1. 2022 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Assalom, Navroʻz – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlansin.

2. Quyidagilar:

2022 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

2022 yilgi Navroʻz umumxalq bayramini oʻtkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov) “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Navroʻz umumxalq bayramining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini taʼminlasin.

3. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

Navroʻz kunlarida inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtibor yaqqol oʻz ifodasini topishini aks ettiradigan, atrof-muhitni, uning neʼmatlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirish;

soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang tarzda, taʼsirchan usullarda ifoda etish;

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dasturlar asosida xalq sayillarini tashkil etish;

bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama eʼzozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;

mamlakatimizda boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni uyushtirish, Navroʻz umumxalq bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, har bir koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonchilik va koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazish;

millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalari, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navroʻz umumxalq bayramini nishonlashga oid urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish etish;

bayram tadbirlari boʻlib oʻtadigan joylarda hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, kitob rastalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil qilish, koʻklam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yoʻlga qoʻyish;

barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tadbirlarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hudud aholisi oʻrtasida uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish.

4. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov):

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M. Xodjimatov) va Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;

konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navroʻz umumxalq sayillarini oʻtkazish boʻyicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

Navroʻz umumxalq sayillari oʻtkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va koʻchalarni belgilash, ularni milliy uslubda bayramona bezatish hamda sahnalarni oʻrnatish;

joylarda boʻlib oʻtadigan umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk sanʼati ustalari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va isteʼdodli estrada artistlarini belgilangan tartibda keng jalb etish;

bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar oʻtkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalarni joylashtirish;

b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, koʻchalar, xiyobonlar va maydonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;

v) barcha tadbirlar karantin qoidalari va jamoat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hisobidan qoplanadi.

7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish ishlarini va bayram tadbirlarini atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

                    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.