Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi nutqida kirib kelayotgan yangi – 2023 yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berishni taklif qildi. U maʼqullandi.
Nima uchun yilga bunday nom berilyapti? Bu haqida davlatimiz rahbari shunday dedi: – “Biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom boʻlishi barchamizga ayon.
Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogoʻy ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?
Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz”.
Bugungacha Prezident Oliy Majlisga toʻrt marta – 2017 yil 22 dekabr, 2018 yil 28 dekabr, 2020 yil 24 yanvar va 2020 yil 29 dekabrda Murojaatnoma yoʻllagan.
Kelayotgan yilda amalga oshiriladigan vazifalarni avvaldan belgilab, kelishib olinishi tufayli keng koʻlamli va samarali islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi bu yil ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyotimizga mazkur yilning oʻzida 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksport hajmi esa, 19 milliard dollarga yetdi. Albatta, ilgari boʻlmagan bunday katta natijalar rejali va samarali ishlar natijasidir.
Bu yil Oʻzbekiston tarixida ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi. 2017 yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib, 2 milliondan ortiq oilalarga koʻmak berilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻlar esa, 7 barobar koʻpaytirilib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi.
Oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joylar qurildi.
Ushbu davrda qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.
Xalq sogʻligʻini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlar eng chekka tuman va mahallalarga yetib bormoqda. Bu esa aholi sogʻligiga boʻlgan eʼtibordir.
Odamlarni kasb-hunarli qilish, ularning biznesiga keng yoʻl ochish, haqiqiy mulkdor boʻlib, daromad topishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yil mamlakatimizning 381 nafar sportchilari jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlar nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni egallashdi.
– Mana shunday katta yutuqlarga erishishda fidokorona mehnati bilan munosib hissa qoʻshayotgan, jahonning ilm-fan, madaniyat va sport shohsupalarida Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarayotgan oʻgʻil-qizlarimiz, shijoatli yoshlarimiz bizning faxrimiz-gʻururimizdir, – deya taʼkidladi mamlakatimiz rahbari.
Yuqorida keltirilgan raqamlar bari insonga eʼtibor samarasi va sifatli taʼlim natijalaridir. Kelgusi yil ana shunday ezgu ishlar, ezgu fikrlar, ezgu amallar yana davom qilaveradi.
Raʼno ZARIPOVA