2023 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

0
81
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bahor va tabiat uygʻonishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi boʻlgan Navroʻzi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun goʻzal anʼana hisoblanadi.

Xalqimizning koʻp asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan ushbu qutlugʻ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.

Navroʻzi olamning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan yaxshilik va bagʻrikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash kabi olijanob gʻoyalar Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy oʻzgarishlarning maqsad va mazmuniga toʻla hamohangdir.

Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, doʻstlik va birodarlik tuygʻularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishda Navroʻz bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida eʼzozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb eʼtirof etilgan Navroʻzning maʼnaviy hayotimizdagi ulkan oʻrni va taʼsirini inobatga olib, ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uygʻun tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida:

1. 2023 yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuksak saviyada nishonlansin.

2. Quyidagilar:

2023 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

2023 yilgi Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmita 2023 yilgi Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hamda ushbu ayyomning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini taʼminlasin.

3. Bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

Navroʻz ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va eʼtibor, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning neʼmatlarini asrab-avaylashga, ezgu orzu-maqsadlar bilan yashashga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;

mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va inson qadrini ulugʻlash maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xalqimizning hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalari bilan muvofiq tarzda, taʼsirchan badiiy vositalar orqali aks ettirish;

obodlik va farovonlik ramzi boʻlmish Navroʻz bayrami arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

xalqimizga xos boʻlgan mehr-muruvvat fazilatlarini davom ettirib, muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan kishilarga, yordam va koʻmakka muhtoj fuqarolarga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini oʻtkazish;

yurtimizda millatlararo doʻstlik va fuqarolararo totuvlik muhitini mustahkamlash, shu maqsadda amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalarini, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan turli millat va elatlar vakillari tomonidan Navroʻz umumxalq bayramini nishonlashga oid tadbirlarni tashkil etish va keng yoritish;

joylarda boʻlib oʻtadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, isteʼdodli anʼanaviy ijrochilar va estrada artistlarini jalb etish;

Navroʻz sayillarining dasturlarini tayyorlashda qadimiy urf-odatlarimiz va xalq oʻyinlari, madaniy merosimizning yorqin namunalari boʻlgan kuy va qoʻshiqlar, oʻlan va laparlarga keng oʻrin berish;

bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil qilish, koʻklam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yoʻlga qoʻyish;

ommaviy axborot vositalarida Navroʻzning tarixi va mohiyatini, hududlarda, shuningdek, chet ellardagi vatandoshlarimiz davralarida bayramni nishonlash boʻyicha shakllangan urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.

4. Madaniyat va turizm vazirligi (O.A.Nazarbekov):

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M.Hojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;

mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillarini jalb etgan holda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda Navroʻz umumxalq sayillariga har tomonlama munosib tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari bilan bogʻliq xarajatlar:

Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.