2025 yilda xususiy maktablar soni 700 taga yetkaziladi

0
74
marta koʻrilgan.

Mamlakatning qudrati, millatning buyukligi ilm-fan va taʼlim-tarbiya bilan chambarchas bogʻliqdir. Shu bois, yurtimizda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, maktabgacha taʼlim tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida yangi bosqichga olib chiqish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, soʻnggi yillarda bolalar bogʻchalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetdi. Mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb oʻrgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv taʼlim yoʻlga qoʻyildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan eshituvda aytib oʻtildi. Unda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosari Sh.Karimovning “Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Axborotda qayd etganidek, 2025 yilda yangi baholash tizimi joriy etilgan umumtaʼlim maktablari soni 1 ming 500 tadan 3 mingtaga yetkaziladi, 257 nomdagi yangi darslik majmualari yaratiladi. Ikkinchi xorijiy til oʻqitiladigan maktablar soni 420 taga, kasb-hunarga oʻrgatiladigan maktablar soni 400 taga yetkaziladi. Xususiy maktablar soni 700 taga va ulardagi oʻquvchilar qamrovi 150 ming nafarga yetkaziladi.

Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida 26 ta yangi umumtaʼlim maktabi qurilishi va 320 tasini rekonstruksiya qilish orqali 120 ming 943 nafar, shuningdek, 54 ta pedagogik kollej binosini umumtaʼlim maktabiga aylantirish orqali 32 ming 905 nafar oʻquvchi oʻrni yaratiladi.

Respublikamizning 4 ta hududida yangi ixtisoslashtirilgan maktab, 9 ta hududida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Toshkent viloyati Chinoz tumanida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Eshituvda taʼkidlanganidek, “Taʼlim barcha uchun teng” tamoyili asosida inklyuziv taʼlim tizimi joriy etilgan umumtaʼlim maktablari soni 1 ming 900 taga yetkaziladi. Shuningdek, ushbu tizim 208 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida joriy etiladi. Umumtaʼlim maktablariga pedagog kadrlarni maxsus platforma orqali tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 78 foizga yetkaziladi.

Muhtarama Komilova, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.