Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda partiya tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod sifatida koʻrsatilgan, amaldagi Hukumat rahbari A.Aripov majlis ishtirokchilari eʼtiboriga Hukumatning yaqin muddat va uzoq istiqbolga moʻljallangan Harakatlar dasturini taqdim etdi.
– Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlaridan biri hisoblangan yoqilgʻi-energetika sohasini rivojlantirish yangi bosqichga olib chiqiladi. Bunda, 2030 yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini qariyb 2 barobarga, neft mahsulotlari hajmini 1,8 barobarga, tabiiy gaz qazib chiqarishni 1,2 barobarga, koʻmir qazib olishni esa 3,3 barobarga oshirish taʼminlanadi.
Lekin, 2025 yilga borib, tabiiy gazni eksport qilishni toʻxtatish va tabiiy gazni qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralari koʻriladi. Elektr energiya ishlab chiqarishda esa muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bundan tashqari, energiya sarfini kamaytirish maqsadida joriy yil oxirigacha barcha isteʼmolchilarga elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish boʻyicha elektron hisoblagichlar toʻliq oʻrnatiladi va shu orqali isteʼmolchilarga noreal hisoblanayotgan qoʻshimcha toʻlovlar bilan bogʻliq muammolar bartaraf etilishi taʼminlanadi, – dedi Bosh vazir.