Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–60-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ–127-son qaroriga muvofiq:
1. 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga (keyingi oʻrinlarda – qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari) quyidagilar Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlashning ustuvor vazifalari etib belgilansin:
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish orqali hududlarda zarur infratuzilmani yaratish;
qishki sport turlari boʻyicha nodavlat sport-taʼlim muassasalari, klublar va toʻgaraklar tarmogʻini kengaytirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish;
mavjud salohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqib, hududlarni qishki olimpiya va paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda qishki sport turlarini rivojlantirish;
qishki sport turlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolarini shakllantirish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda ularning ishtirokini taʼminlash.
2. Quyidagilar:
2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli koʻrsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq;
2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻruvchi Oʻzbekiston milliy terma jamoalarining kontingenti 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan Davlat byudjeti mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjeti mablagʻlari;
sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamgʻarmalari, klublari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Toshkent viloyati hokimligi, Toshkent shahar hokimligi, Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2023-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida:
figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey va parakyorling boʻyicha professional sportchi, malakali trener va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida zamonaviy muz saroyi barpo etish;
Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Chimyon qishlogʻida fristayl, togʻ changʻisi, snoubord, paratogʻ changʻisi, parasnoubord, paraxokkey, parakyorling kabi sport turlarini rivojlantirish maqsadida sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qarashli “Paxtakor” sport bazasi negizida qishki sport turlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari uchun 60 oʻringa moʻljallangan Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;
Toshkent shahrida Qishki sport turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Sportni rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda Qishki sport turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga sportchilarni kompleks tayyorlash va ularning natijadorligini oshirish maqsadida 2023 yildan boshlab har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida qishki Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari (respublika sport musobaqalari, xalqaro sport musobaqalari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, Osiyo hamda Jahon chempionatlari va kuboklari) uchun 15 milliard soʻmgacha mablagʻlar ajratish nazarda tutiladi;
qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ–127-son qarorining 1-bandida koʻrsatilgan miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
6. Belgilansinki, Maqsadli koʻrsatkichlar:
qishki Olimpiya oʻyinlari boʻyicha 29 ta dasturda ishtirok etish hamda 7 ta sport turi boʻyicha 8 ta litsenziyani qoʻlga kiritish, shu jumladan, 3 ta istiqbolli olimpiya sport turi (changʻida yugurish, fristayl va kyorling) boʻyicha 10 ta dasturda ishtirok etishni;
qishki Paralimpiya oʻyinlari boʻyicha 4 ta dasturda ishtirok etish hamda paratogʻ changʻisi boʻyicha 2 ta litsenziyani qoʻlga kiritish, shu jumladan, paraxokkey boʻyicha dasturda ishtirok etishni nazarda tutadi.
Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi:
Maqsadli koʻrsatkichlardagi qishki sport turlari boʻyicha dasturlarda sportchilarning ishtirokini taʼminlasin, bu borada sport federatsiya (assotsiatsiya)larining faoliyatini samarali tashkil etsin;
sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari bilan birgalikda sportchilarning Maqsadli koʻrsatkichlardagi dasturlarda qatnashishi va litsenziyalarni qoʻlga kiritishi uchun masʼul ekanligi belgilansin.
7. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qishki sport turlarini rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrini figurali uchish, xokkey, short-trek, kyorling, paraxokkey, parakyorling sport turlariga ixtisoslashtirish;
Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining togʻli hududlarini togʻ changʻisi, snoubord, fristayl, ski-alpinizm, paratogʻ changʻisi, parasnoubord sport turlariga ixtisoslashtirish;
ilgʻor va innovatsion texnologiyalarni jalb qilgan holda salohiyatli hududlarda zarur infratuzilmani yaratish, bu borada investorlarni jalb etish, ularga boʻsh yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish va qurilish ishlariga ruxsat berish;
togʻli hududlarda joylashgan sport-taʼlim muassasalarida togʻ changʻisi va ski-alpinizm boʻyicha boʻlimlar tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
muz saroylari mavjud hududlarda figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey, parakyorling boʻyicha boʻlimlar tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
qishki sport turlari boʻyicha nodavlat sport-taʼlim muassasalarini tashkil qilish, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
qishki sport turlari boʻyicha hududlar kesimida milliy terma jamoa aʼzolarini shakllantirish va 2023 yildan boshlab respublika musobaqalarida ularning ishtirokini toʻliq moliyalashtirish;
mavjud salohiyat va imkoniyatdan kelib chiqib, hududlarda qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga sportchilarni tayyorlash boʻyicha homiylarni biriktirish.
8. 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga biriktirilgan sport bazalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan mazkur qarorga 4-ilovaga muvofiq biriktirilayotgan sport bazalaridan doimiy ravishda foydalanilishini, zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin. Bunda, ushbu chora-tadbirlar oʻz tizimida tegishli sport bazalari boʻlgan vazirlik va idoralarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Sportni rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda:
Dastur bajarilishini tizimli tahlil va monitoring qilish, masʼul vazirlik, idora va tashkilotlarga koʻmak berish va metodik yordam koʻrsatish, koʻrilayotgan choralar natijalari, milliy terma jamoalarning qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik holati, Dasturga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha asosli takliflarni ishlab chiqish va kiritib borish;
manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamda sport federatsiya (assotsiatsiya)larini jalb qilgan holda, sport bazalarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash, shuningdek, milliy terma jamoalarni tayyorlash uchun qulay ijtimoiy, maishiy va moddiy sharoitlar yaratish boʻyicha ishlarni oʻz vaqtida va sifatli tashkil etishni taʼminlasin.
10. 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Respublika komissiyasi) tashkil etilsin hamda uning tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Respublika komissiyasi (A.N. Aripov):
ikki oy muddatda qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun ularni tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga biriktirsin, shuningdek, bu borada ushbu tashkilotlarning aniq vazifalarini belgilasin;
qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish uchun zarur boʻladigan byudjet, byudjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek, homiylik xayriyalari miqdorini koʻrib chiqsin va belgilasin;
Dasturda nazarda tutilgan hamda manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlarning zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlar oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin, Dasturga muvofiq amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarning ijrosini har chorakda muhokama qilish va kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrib borsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda milliy terma jamoa sportchilarining qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga sifatli tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash maqsadida ushbu qarorga 2-ilova bilan tasdiqlangan Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Bunda, quyidagilar nazarda tutiladi:
byudjetdan tashqari mablagʻlar va homiylik xayriyalari hisobidan sport bazalarini qurish, qayta qurish, kapital taʼmirlash, shuningdek, ulardan toʻliq va samarali foydalanish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy sport anjomlari va jihozlari, shu jumladan, avtotransport vositalari bilan taʼminlash;
qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan milliy terma jamoa sportchilari, trenerlari va boshqa mutaxassislarni moddiy va ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash;
respublika va xalqaro sport tadbirlari hamda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan hududiy terma jamoa sportchilari, trenerlari va boshqa sport mutaxassislarining uzluksiz ishtirokini taʼminlash;
joylarda qishki olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy boʻlinmalarini tashkil etish, shuningdek, ularning moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.
13. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati, qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan Oʻzbekiston sportchilari toʻgʻrisida qisqa metrajli videoroliklar hamda maxsus koʻrsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 fevraldagi PQ–4583-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekistonda qishki sport turlarini 2020-2023 yillarda rivojlantirish dasturiga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib cportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari R.S.Irmatov, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M.Tashxodjayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV