22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni

0
257
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Navroʻz ayyomining ikkinchi kuni, 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni  deb eʼlon qilindi. 

Darxaqiqat, mahalla navroʻz bayrami kabi qadimiy qadriyatimiz! “Bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona”, “Mahalla vatan ichra  vatandir” kabi xalqimiz hikmatlari bejiz emas.  Mahalla hayotimizning,  turmushimizning ajralmas bir boʻlagidir.

Respublika Mahalla va oila vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda 2022 yil 16 mart holati boʻyicha mamlakatimizda 9 ming 349 ta fuqarolar yigʻinlari mavjud.

2022 yil mart oyida aholisi koʻp boʻlgan fuqarolar yigʻinlarini boʻlish natijasida 11 ta yangi mahalla fuqarolar yigʻinlari tashkil etilib, Namangan va Toshkent viloyatlarida 2 taga koʻpaydi. Fargʻona viloyatida esa 7 ta ortdi.

Mamlakatimizdagi 9 ming 349 ta fuqarolar yigʻinlarining 41 tasi shaharcha fuqarolar yigʻini, 73 tasi qishloq fuqarolar yigʻini, 165 tasi ovul fuqarolar yigʻini, 9 070 tasi mahalla fuqarolar yigʻinlaridir.

Shuningdek, 4 ta jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatayotgan mahallalar hamda 580 ta yurtimizning qoʻshni mamlakatlar bilan chegara va anklav hududlardagi  fuqarolar yigʻinlari mavjud.

Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning, xalqimizning koʻrki, ziynati boʻlib kelayotgan ushbu mahalla tizimi xodimlarini maʼsuliyatli,  sharafli shu bilan birga murakkab va muhim vazifani bajarishlarida zafarlar tilab, kasb bayrami bilan muborakbod etamiz. 

R. SAPAYEVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.