Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilash va yaqinlashtirish, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Respublika tez tibbiy yordam markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxoʻjaliklar negizida tashkil qilinsin va tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyilsin.
2. Belgilansinki:
Markaz Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi tez tibbiy yordam faoliyatini respublika boʻyicha muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
tez tibbiy yordam xizmati xodimlari hamda maxsus avtotransport vositalari (ehtiyot qismlar, yoqilgʻi-moylash materiallari va boshqalar), dori vositalari va sarflash materiallari, tibbiy jihozlar taʼminoti Markazning hududiy filiallariga oʻtkaziladi;
Markaz va uning hududiy filiallarida situatsion muvofiqlashtiruvchi boʻlimlar tashkil etilib, tuman (shahar) va hududlardagi tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini tahlillar asosida boshqaradi va takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxoʻjaliklar tarkibidagi tez tibbiy yordam avtotransport vositalari Markazning hududiy filiallari tarkibiga oʻtkaziladi hamda avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish autsorsing shartnomalari asosida amalga oshiriladi;
tez tibbiy yordam avtotransport vositalarida yoqilgʻi-moylash materiallarining sarfi elektron dastur orqali nazorat qilinadi.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bir oy muddatda Markaz va uning hududiy filiallari ustavlari va tuzilmalarini tasdiqlasin. Bunda, Markaz direktoriga, zarur hollarda, tasdiqlangan tuzilmalarga xodimlarning cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni hamda davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida Markaz va uning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, markaziy tuman (shahar) shifoxonalari hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxoʻjaliklarning yangilangan shtat normativlarini ishlab chiqsin va 2022 yil 1 sentyabrga qadar tasdiqlasin.
5. Quyidagilar:
Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
Tez tibbiy yordam xizmatini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Ishchi guruh (O.Fazilkarimov):
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosining tahlil qilinishini;
Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida maqbullashtiriladigan boʻlim va tashkilotlarning belgilanishini hamda mulkiy, moliyaviy va mehnat munosabatlari belgilangan tartibda hal etilishini;
tez tibbiy yordam xizmati boʻyicha aholiga qulay va sifatli xizmat koʻrsatilishi borasida chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligining tez tibbiy yordam boʻyicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida 2023 yil 1 sentyabrga qadar toʻliq joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, 2022 yil 1 dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari, 2023 yil 1 sentyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)laridagi dispetcherlik xizmatlari tugatilib, Toshkent shahri tajribasi asosida Markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yoʻlga qoʻyilsin.
Belgilansinki, tez tibbiy yordam boʻyicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari – “Call-markaz”larni tashkil etish, jihozlash va ularning infratuzilmasini yaratish (elektr, suv, yuqori tezlikdagi Internet, telefon, ratsiya aloqasi va boshqalar) hamda atrofni obodonlashtirishga;
sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev – “Call-markaz”larni jihozlash talablarini belgilash, ularning xizmat koʻrsatish hajmi va yuqori sifatini taʼminlashga shaxsan masʼul etib belgilansin.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq “Call-markaz”larda:
chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etiladi;
rahbar lavozimlariga IT-parklardagi iqtidorli yoshlar orasidan munosib nomzodlar tayinlanadi;
saralash orqali bemor ahvoli, kasallik turi va ogʻirlik darajasiga qarab chaqiruvlarga tegishli tibbiy brigadalarni yoʻnaltirish tizimi joriy etiladi;
tez tibbiy yordamning tuman (shahar) yoki hudud chegarasidan qatʼi nazar bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab tibbiy brigadani yoʻnaltirish yoʻlga qoʻyiladi.
10. Ishchi guruh (O.Fazilkarimov) joylarda tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishini taʼminlasin:
a) Markaz va uning hududiy filiallarini 4-ilovaga muvofiq joylashtirish, ularni zamonaviy bino va inshootlar bilan taʼminlash;
b) Markazning hududiy filiallari va “Call-markaz”larni jihozlash, infratuzilmasini yaratish (suv, elektr, aloqa, Internet, lokal tarmoq va boshqalar);
v) tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini hamda avtotransport vositalari, ehtiyot qismlar, yoqilgʻi-moylash va boshqa materiallar, dori vositalari, sarflash materiallari va tibbiy jihozlar taʼminotini hududiy filiallarga oʻtkazish;
g) markaziy tuman (shahar) shifoxonalari qabulxonalarini shoshilinch xizmat koʻrsatishga va yuqori texnologik tibbiy jihozlarni oʻrnatishga moslashtirish;
d) tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar oʻrnatish;
e) tez tibbiy yordam brigadalarini planshetlar bilan taʼminlash;
j) Markazning hududiy filiallarida elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini Toshkent shahri tajribasi asosida joriy etish;
z) tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish, ularni yoqilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlashni autsorsingga oʻtkazish hamda elektron tizim orqali nazorat qilishni tashkillashtirish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 dekabrga qadar hamda 2023 yil 1 sentyabrga qadar mutasaddi rahbarlar hisobotini eshitish tavsiya etilsin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam oʻquv-mashgʻulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash maktabi (keyingi oʻrinlarda – Maktab) etib qayta tashkil etilsin va Markaz tasarrufiga oʻtkazilsin.
Belgilansinki, Maktab tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kadastr agentligi (F.Pulatov) bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar 10 mingta koʻchaga nom berish ishlarini yakunlasin.
13. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) tez tibbiy yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kamida 85 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlarni Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirsin.
14. Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon banki shoshilinch xizmatlarni rivojlantirish loyihasi doirasida 5 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tez va shoshilinch tibbiy yordamni raqamlashtirish tadbirlariga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. Sogʻliqni saqlash muassasalarining eskirgan va foydalanilmayotgan avtotransport vositalarini kimoshdi savdolarida sotishdan tushgan mablagʻlar tez tibbiy yordam xizmati avtoparkini yangilash maqsadlari uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobraqamiga yoʻnaltirilsin.
16. Sogʻliqni saqlash vazirligiga tez tibbiy yordam boʻyicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv hamda yagona qoʻngʻiroqlarni qabul qilish tizimlarini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish uchun Toshkent shahrida mazkur tizimlarni joriy qilishga jalb qilingan tizim integratori bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat berilsin. Bunda, koʻrsatilgan xizmat tariflari Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) 2022 yil yakuniga qadar mavjud oʻrinlar va shtat birliklari doirasida:
markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlaridagi oʻrinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya boʻlimlari tarkibiga oʻtkazilib, bemorlarni kasallikning ogʻirlik darajasi boʻyicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul boʻlimlarini;
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari hamda barcha tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida shoshilinch qabul boʻlimlarini;
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 1-son, Yashnobod tumanidagi 4-son, Yunusobod tumanidagi 7-son shahar klinik shifoxonalari hamda Uchtepa tumanidagi Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi tarkibida alohida yuridik maqomga ega boʻlmagan tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etsin.
18. Markaz va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning hududiy filiallari hamda tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmatlarni pullik asosda tashkil etishga ruxsat berilsin.
19. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) yangi tashkil etilayotgan tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarini jihozlash uchun Jahon bankining “Oʻzbekistonda COVID-19 koronavirusi infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablagʻlarni yoʻnaltirsin.
20. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev):
Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar shoshilinch qabul boʻlimlarining yangilangan shtat normativlarini tasdiqlasin;
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2022 yil 1 dekabrga qadar markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining oʻrinlar fondini aholi soni va kasalliklar yoʻnalishlaridan kelib chiqib qayta koʻrib chiqsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
22. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.
24. Qarorning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N.Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV