Toshkent shahri va viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari

0
116
marta koʻrilgan.

Prezident huzurida    Toshkent shahri va viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda, deya xabar beriladi  Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov telegramm kanalida.

Davlatimiz rahbari bu sohada muammolar toʻplanib qolgani, ularni hal etish uchun transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimini oʻzgartirish zarurligini qayd etdi.

Ayrim viloyat markazlarida jamoat transportini rivojlantirish rejasi ishlab chiqilmagani, joylarda ayrim avtobus yoʻnalishlari ishlamayotgani, bekatlar yetishmasligi koʻrsatib oʻtildi.

Transport korxonalari kunlik “tushum plani”ni bajarishga bogʻlanib qolib, kunning “eng daromadli” paytida (ertalab soat 8-10 da, kechqurun soat 17-19 da) harakatlanishga odatlangani tanqid qilindi. Qolgan vaqtda yoʻlovchilar uzoq kutish yoki taksida yurishga majbur.

Shu munosabat bilan Prezident sohada moliyalashtirish, avtobus yoʻnalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish boʻyicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Endilikda mablagʻ avtobusning yurgan masofasi va odamlar bu xizmatdan roziligiga qarab beriladi.

Xizmat sifatiga – avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim boʻladi.

Bunda, tashuvchi tadbirkor har 1 kilometr uchun 10 foiz rentabellik bilan kafolatli toʻlovni oladi.

Shu paytgacha boʻlgan kunlik tushum “plani”ni belgilash amaliyoti bekor qilinadi.

Bundan tashqari, aholiga qulay yoʻl haqi tariflarini (yillik, choraklik, oylik, kunlik, soatlik) joriy qilish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Prezident yil yakuniga qadar barcha avtobus marshrutlari aholi ehtiyoji asosida qayta koʻrib chiqilishi shartligini taʼkidladi.

Viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi va Transport universiteti bilan birgalikda 1 iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi. Bunda aholi orasida alohida soʻrov oʻtkazib, ularning fikrlarini olish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Avtobuslar parkini kengaytirish uchun tashuvchi tadbirkorlarga avtobus parkini yangilashni ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinadi. Jumladan:

— tashuvchilarni tanlashda avtobusning yangiligiga qarab, yoʻnalishda yoʻlovchi tashishning kafolatlangan muddatlari 7 yilgacha uzaytiriladi (10 yoshdan oshgan avtobuslar boʻyicha shartnoma tuzilmaydi);

— tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini boʻlib-boʻlib toʻlashiga ruxsat beriladi;

— avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.