Axborot globallashuvi jarayoni kechayotgan bir davrda…..

0
107
marta koʻrilgan.

Jurnalist faoliyati boshidan oxirigacha kishilar oʻrtasidagi oʻzaro ijtimoiy munosabatlardan iborat. Kishilar munosabati odob-axloq, hurmat, meʼyorga asoslanmasa, turli xil tushunmovchililar kelib chiqishi tabiiy. Shu nuqtai nazardan har bir fuqaro, shu jumladan jurnalist ham oʻz ish faoliyati davomida kasb odobiga rioya etishi juda muhim.

Jurnalist ish jarayonida axborot izlash, olish, va tarqatish bilan shugʻullanar ekan, avvalo qonun doirasida ish koʻrsalar, ayniqsa uzatayotgan materiallariga masʼuliyat bilan yondashib, aniq raqam va dalillarga asoslangan axborotlar bersalar, nafaqat qonunlarga, balki kasb odobiga ham rioya etgan boʻladilar. Aslida tekshirilmagan axborotni ehtiyotkorsizlik qilib, shoshma-shosharlik bilan uzatish, notoʻgʻri, yolgʻon maʼlumotlar tarqatish nafaqat kasbiy odobsizlik hisoblanadi, balki noprofessionallik belgisi hamdir. Shuning uchun bugun – axborot globallashuvi jarayoni kechayotgan bir davrda jurnalistlarimiz toʻgʻri, ishonchli va xolis axborot manbalarini izlab topishlari va shunday axborotlarni xalqqa yetkizishlari ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Chunki, hozirgi kunda axborot izlashda jurnalistlar uchun har qachongidan ham katta imkoniyatlar paydo boʻlgan. Yaʼni internetning paydo boʻlishi istalgan axborotni istalgan vaqtda, istalgan hajmda, istalgan yerdan turib olish va uzatish imkonini berdi.

Lekin jurnalistlarimiz internetdan toʻgʻri va xolis axborotlarni tanlashda va uzatishda baʼzan adashishlarga yoʻl qoʻyyaptilar. Internetdan jahon yangiliklarini olayotganda ishonchli axborot manbaini topa olmayaptilar. Aslida tekshirilmagan axborotni uzatish, bilib-bilmay ommani adashtirish ham kasb ahloqsizligi belgisidir. Axir jurnalistning yozgan yoki aytgan ikki satr gapini millionlab kishi oʻqishi, eshitishi va koʻrishi mumkin. Jurnalist jamiyat “ob-havo”siga taʼsir etuvchi shaxsdir. Shuning uchun u oʻzi tarqatgan axboroti uchun javobgardir. Jurnalist masʼuliyati kasb odobi doirasidagi xususiyatdir. Ayniqsa, axborot xuruji “urf” boʻlayotgan bir zamonda ular oʻzlarining professional odoblarini unutmasliklari zarur. Shundagina xalq ularga ishonadi, ularning yozganlaridan qoniqish hosil qiladi.

Kasb odobiga rioya etishi nafaqat jamiyat uchun foydali, balki jurnalistni oʻzining himoyasi uchun ham zarur. Kasb etikasiga amal qilgan jurnalistga hech kim daʼvo qila olmaydi. U qonun doirasida ish koʻrsa, qonunning oʻzi uni himoya qiladi.

 Jurnalistlar axborot izlash va tarqatish davomida agar biror shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga putur yetishi mumkin boʻlsa, bunday axborotni ommaviy axborot vositasi orqali bermasligi zarur. Xorijda, ayniqsa Gʻarbda yulduzlarning, mashhur arboblarning ichki hayotiga aralashish “anʼana”si mavjud. Muxbirlar, suratkashlar biror kishining oʻz ruxsatisiz yashirincha suratga olib, ovoz va tasvirlarini audio yoki videotasmalarga yozib oladilar. Chet elda bunday, taʼbir joiz boʻlsa,“qingʻir” yoʻl bilan maʼlumot olishni “paparatssi” deb ataydilar. Paparatssi jurnalist kasbi odobiga umuman zid boʻlgan faoliyatdir. Bizda bunday odobsizlik yuz bermasligi uchun  Konstitutsiyamizning 33-moddasida shunday deya belgilab qoʻyilgan: Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga va har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Shuningdek, axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur boʻlgan doirada yoʻl qoʻyiladi, deb belgilab qoʻyilgan.

Xullas, jurnalist oʻz ishini masʼuliyat bilan bajarishi, sohasiga ehtiyotkorlik bilan yondashishi, qonun va kasb odobiga amal qilishi maqsadga muvofiq. Chunki, kasb odobiga rioya etish ijtimoiy munosabatlarni barqaror boʻlishiga xizmat qiladi.

Oydin SAʼDULLAYEVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.