Oʻzbekiston-Fransiya biznes forumida Oʻzbekiston Prezidenti yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashdi

0
59
marta koʻrilgan.

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy tashrifi doirasida Samarqand shahrida oʻtayotgan Oʻzbekiston-Fransiya biznes forumida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  koʻplab  yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Ulardan biri – «Orano» kompaniyasi raisi Klod Imoven bilan suhbatlashdi. “Orano” – uran va yadro yoqilgʻisini ishlab chiqarish boʻyicha dunyoning yirik kompaniyasi, aktivlari qiymati 29 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi. Uchrashuvda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish borasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.

Biznes forumi doirasida “EDF” kompaniyasi raisi va bosh direktori Lyuk Remon bilan uchrashuv oʻtkazdi. «EDF» dunyodagi atom elektr stansiyalarini boshqarish boʻyicha eng yirik kompaniya boʻlib, aktivlari qiymati 427 milliard dollarni tashkil etadi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va tarqatish bilan shugʻullanadi. Suhbatda Prezidentimiz kompaniyaning Sirdaryo va Surxondaryodagi bugʻ-gaz elektr stansiyalarini qurishda ishtirok etayotganini qoʻllab-quvvatladi, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.

Biznes forumi doirasida yana “Semmaris” kompaniyasi raisi Stefan Layani bilan uchrashdi. Kompaniya yillik aylanmasi 9 milliard yevro boʻlgan dunyodagi eng katta oziq-ovqat logistika markazining egasidir. Butun jahon boʻylab samarali ulgurji oziq-ovqat bozorlarini qurish va boshqarishda ilgʻor tajriba toʻplagan. Davlatimiz rahbari kompaniyaning Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida agrologistika majmualarini qurish borasidagi rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Meridiame” kompaniyasi raisi Tyerri Do bilan uchrashdi. Kompaniya Yevropa, Shimoliy Amerika va Afrikada infratuzilma sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi. Oʻn bitta mamlakatda ofislariga ega. Aktivlari – 18 milliard yevro. Uchrashuvda kompaniyaning “Yangi Toshkent”ni barpo etish doirasida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Forum doirasida “Lactalis” kompaniyasi raisi Emmanuel Benye bilan ham uchrashdi. Kompaniya dunyodagi sut va pishloq mahsulotlarining eng yirik ishlab chiqaruvchisidir. Uning tasarrufida 52 ta mamlakatdagi 270 ta zavod faoliyat yuritmoqda. Uchrashuv chogʻida davlatimiz rahbari kompaniyaning Namanganda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasidagi rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston-Fransiya biznes forumi doirasida “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan uchrashuv oʻtkazdi. Kompaniya bio- va onkologik preparatlarni shartnoma asosida ishlab chiqish va ishlab chiqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi kompaniyalarning yetakchi yigirmataligiga kiradi. Uchrashuv chogʻida birgalikda onkologik dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Fransiya taraqqiyot agentligi rahbari Remi Riu bilan ham uchrashuv oʻtkazdi. Fransiyaning ushbu davlat moliyaviy muassasasi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etdi. Prezidentimiz agentlikning byudjetni qoʻllab-quvvatlash va hamkorlik doirasidagi loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish boʻyicha bitimlar imzolash tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Samarqanddagi oliy darajadagi muzokaralardan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga qatʼiy intilish belgisi sifatida Samarqanddagi Kongress markazi bogʻida daraxt ekdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.