Kamondan otish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Ziyodaxon Abdusattorova Tailandda oʻtgan Parij-2024 litsenziyasiga erishtiruvchi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz uchun tarixda mazkur sport turida birinchi Olimpiada yoʻllanmasini taqdim qildi. Bu natija bilan Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi qatnashadigan sport turlari yana bittaga koʻpayadigan boʻldi.
Quyida Tailanddan tarixiy natija bilan qaytgan sportchimizning musobaqa taassurotlarini oʻqing.
– Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan mamlakatimizning birinchi kamonchi boʻlish zavqi qanday ekan?
– Olimpiadalarda kamondan otish sportida yurtimiz sharafini birinchi boʻlib himoya qilish men uchun katta baxt. Bu hissiyotlarimni soʻz bilan taʼriflab bera olmayman. Bu yurtimiz sporti uchun, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi uchun juda muhim va quvonchli voqelik boʻldi. Ishonamanki, bunday yirik natijalar mamlakatimizda kamondan otish sporti yanada rivojlanishiga oz boʻlsa ham hissa qoʻshadi.
– Bellashuvda eng muhim oʻqni uzish oldidan xayolingizdan nimalar kechdi?
– Men uchun barcha otilgan oʻqlar juda muhim. Tailandda hal qiluvchi palladagi oʻq ulardan biri. Oʻq uzishdan oldin xayolim faqat qoq markazni nishonlash va qanday boʻlmasin, 10 ochkolik aylanani poylash edi. Buni uddalay olganimdan xursandman.
– Kelajakdagi qadamlaringiz, rejalaringiz, vazifalaringiz haqida bilishni istardik.
– Inson maqsad-u orzular ila yashaydi. Biz uchun litsenziyaga erishish davri yakunlangani yoʻq. Kelasi yil jamoaviy yoʻnalishda ham Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish va Parijdan medal bilan qaytish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
– Olimpiadani qanday tasavvur qilyapsiz?
– Parij-2024 Olimpiadasini koʻtarinki ruhda oʻtadigan, yorqin xotiralarga boy, dunyoning eng zoʻr sportchilari bellashadigan keng maydon deb bilaman. Asosiysi, Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun chiroyli gʻalabalarga boy musobaqa boʻladi, deya umid qilamiz.
– Umidli dunyoda murodingizga yeting, Yana elimizning yuzi-koʻzi boʻlish nasib aylasin.