Bugun Oʻzbekiston shaxmat tarixida yangi sahifa ochgan yoshlar kutib olindi

0
69
marta koʻrilgan.

Bugun, 26 noyabr kuni Oʻzbekiston shaxmat tarixida yangi sahifa ochgan Afroʻza Hamdamova, shuningdek, jahon chempionatida munosib natijalarga erishgan Miraziz Qoʻziyev va Guldona Karimovalar “Islom Karimov” nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida Oʻzbekiston Yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbsari, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Saʼdullayev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi mutaxassislari, Respublika olimpiya va paralimpiya markazi sportchi yoshlari, keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning ota-onalari, yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari jam boʻlishdi.

— Albatta, bunday muvaffaqiyatga erishish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Qizim esini taniganidan beri shaxmat bilan shugʻullanadi. Ona sifatida aytishim kerak, bugun yurtimiz yoshlari koʻp yoʻnalishlarda katta muvaffaqiyatlarga erishishida davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit muhim omil boʻlmoqda. Bunday eʼtiborga munosib boʻlish, hamisha oldinga intilishga yoshlarni ragʻbatlantirishda maktab, mahalla, oilaning oʻrni katta. Afroʻzaning chempion boʻlishida mahallamiz, u taʼlim olayotgan Samarqandagi 42-oʻrta taʼlim maktabi va oilamizda shaxmatga boʻlgan qiziqish asosiy sabab boʻldi, deb oʻylayman. Qizimning eng katta orzusi – ayollar oʻrtasida jahon shaxmat tojini Oʻzbekistonga olib kelish, — deydi Afroʻzaning onasi Shabnam Ismatova.

Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekistonning yangi gʻalabalarini taʼminlash, salohiyatli yoshlarni saralash, tanlash va ularni maqsad sari yoʻnaltirish borasida yurtimizda izchil islohotlar olib borilmoqda. Prezidentimiz tomonidan shaxmatni rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorning qabul qilinishi va shu assosda turli darajadagi musobaqalarning tizimli oʻtkazilishi natijasida Afroʻza kabi yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda yuksak gʻalabalarga erishmoqda.

Xotin-qizlar oʻrtasida FIDE sport ustaci boʻlgan Afroʻza Hamdamova 2014 yildan shaxmat bilan shugʻullanib kelmoqda. U maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻz yosh toifasida 14 karra Oʻzbekiston chempioni hisoblanadi.

2016 yili Eron poytaxti Tehron shahrida oʻtkazilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi Osiyo chempionatida standart, rapid va blits yoʻnalishida gʻoliblikka erishgan.

— Musobaqalar har jihatdan yuqori saviyada oʻtkazildi. Chempionatdagi ishtirokimni 2-turdan boshlagan boʻlsam-da, ishonchni oqlashga jon-jahdim bilan harakat qildim. Har bir bahsimni butun dunyodagi shaxmat ishqibozlari qatori ming-minglab yurtdoshlarimiz kuzatib borayotganini ich-ichimdan his etib turdim. Eng qiyin uchrashuv men uchun 10-turda rossiyalik shaxmatchi bilan boʻldi. Ushbu turgacha raqiblarimni osonlik bilan magʻlub etdim. Aynan Anna Shuxmanni magʻlubiyatga uchratishim jahon chempionligi masalasini deyarli hal etdi, — deydi Afroʻza Hamdamova.  

Rossiya, Ruminiya, Braziliya, Belarus, Shri-Lanka, Turkiya kabi davlatlarda tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda oltin, kumush va bronza medallariga musharraf boʻlgan Afroʻzaning kuni kecha Italiyada yakunlangan jahon chempionatida shov-shuvli tarzda 80 ta davlatdan kelgan raqiblaridan bir oʻyin kam oʻtkazgan holda gʻoliblikka erishishi mamlakatimiz yoshlarining xalqaro maydondagi intelektual salohiyati ne chogʻli yuksak ekanligini yana bir karra isbotladi.

Eslatib oʻtamiz, 80 ta davlatning 760 nafar yosh shaxmatchilar ishtirok etgan jahon chempionatida 14 yoshli oʻgʻil bolalar musobaqasida hamyurtimiz Miraziz Qoʻziyev 125 nafardan ziyod ishtirokchi orasida 22-oʻrinni, 16 yoshli qizlar musobaqasida qatnashgan Guldona Karimova 138 nafar daʼvogarlar bahsida 11-oʻrinnni egalladi.

Manbaa: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.