Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 30 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Dubay shahriga keldi va 1 dekabr kuni BMT Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi sessiyasi ishida ishtirok etdi.
Tadbirda dunyoning 170 dan ziyod mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari qatnashmoqda.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqini milliy bayrami hamda tarixiy sammitni muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan samimiy qutlab, Amirliklarning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash borasidagi global tashabbuslarini hamda “yashil” taraqqiyotga qoʻshayotgan katta hissasini alohida qayd etdi.
Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yoʻlida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri – Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisi yigʻilganlarning eʼtiborini ayrim faktlarga qaratdi.
Masalan, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp, soʻnggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yoʻqoldi.
Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum boʻronlari, ichimlik suvi taqchilligi, havo iflaslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va koʻplab boshqa muammolar mintaqada istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmushi sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Prezidentimiz “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va uglerod neytralligiga erishish Yangi Oʻzbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravarga koʻpaydi. 2030 yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari barpo etiladi. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha ilk amaliy qadamlar tashlandi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” tashabbusi doirasida Oʻzbekistonda 1 milliard tup koʻchat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida mustahkam himoya qalqonini yaratish maqsadida 2 million gektar maydonda oʻrmonlar barpo etilgani tufayli Orolboʻyida havo ifloslanishi kamaymoqda.
Tadbir kun tartibidagi asosiy masalalarga oʻtar ekan, Oʻzbekiston yetakchisi qator takliflarni ilgari surdi.
Jumladan, Prezidentimiz Parij shartnomasi doirasida Iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi.
Shu maʼnoda, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari kecha “Yoʻqotish va zararlar” global jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha qabul qilingan qarorni yuksak baholadi.
Ushbu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim oʻzgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi.
Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish adolatli, shaffof va inklyuziv boʻlishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligi qayd etildi.
Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida koʻrib chiqib borish taklif qilindi
Orolboʻyi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun davlatimiz rahbari bu yerda ilgʻor bilim, tajriba va yechimlarni qoʻllash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan Iqlim ilmiy forumi doirasida yaqin ilmiy almashinuvni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazishga chaqirdi.
Yer degradatsiyasining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli taʼminlash va boshqa oʻtkir masalalar forumning kun tartibidan joy oladi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan 2024 yili Oʻzbekistonda “Iqlim migratsiyasi” mavzusida konferensiyani oʻtkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish, Iqlim oʻzgarishining bandlikka taʼsirini modellashtirish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Iqlim muammolarini samarali yechishga yoshlarni faol jalb qilish uchun mamlakatimiz BMT Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasining Yoshlar forumini tashkil etishga tayyor ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha umumbashariy gʻoyalarga doimo sodiqdiligini tasdiqlab, davlatimiz rahbari kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini oʻtkazish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yondashuvlari oʻz ifodasini topgan BMT Bosh Assambleyasining alohida rezolyusiyasini qabul qilishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Dubaydagi sammit natijalari sayyoramizning yanada barqaror, farovon va xavfsiz kelajagini taʼminlash yoʻlida barcha mamlakatlar va xalqlarni yaqinlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.