Aziz va qadrli vatandoshlar!
Avvalo, sizlarni, butun Oʻzbekiston xalqini Xalqlar doʻstligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan islohotlarimiz jarayonida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlashni eng ustuvor vazifalarimizdan biri etib belgiladik.
Dunyoda Xalqaro doʻstlik kuni deb qabul qilingan 30 iyul sanasini mamlakatimizda Xalqlar doʻstligi kuni deb eʼlon qilganimiz va oʻziga xos bayram sifatida keng nishonlashni anʼanaga aylantirganimiz ham shundan dalolat beradi.
Dunyo miqyosida bagʻrikeng yurt sifatida eʼtirof etiladigan jonajon Vatanimizda bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat boʻlib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta doʻstlik jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonlari oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz va turkman tillarida olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda oʻqiyotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda tashkil etilgan “Doʻstlik uylari” faoliyati har taraflama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan ushbu maqsadlar uchun zarur mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.
Milliy madaniy markazlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida ular davlat tomonidan zamonaviy texnik uskunalar, musiqiy asboblar, mebel jihozlari, milliy liboslar bilan taʼminlandi.
Milliy madaniy markazlar faoliyati uchun eng koʻrkam binolar ajratib berildi. Bu maskanlarda muntazam ravishda umummilliy bayramlar, festivallar, konsert va uchrashuvlar, taniqli madaniyat arboblarining chiqishlari, seminar va konferensiyalar oʻtkazilmoqda.
“Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu gʻoya barcha milliy madaniy markazlarning shioriga aylangani diqqatga sazovor. Bu jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhiti, tinchlik va osoyishtalikning amaliy ifodasidir.
Oʻtgan yillar mobaynida yurtimizda Xalqlar doʻstligi festivallari doirasida oʻtkazilgan davra suhbatlari, ijodiy muloqotlar, turli millat vakillarining kitob koʻrgazmalari, fotokoʻrgazmalar, xalqaro konferensiya va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar millatlar va elatlar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarining mustahkamlanishida yana bir muhim bosqich boʻldi.
Chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib bormoqda.
“2022-2026 yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonda milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish belgilangani ham mazkur yoʻnalishdagi ishlarimizning bardavom ekanini koʻrsatadi.
“Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay sharoitlar yaratish, ularning fuqarolik burchini his etishi va anglashi, vatanparvarlik hissini kuchaytirish, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muloqot madaniyatini oshirish kabi xayrli ishlar olib borilmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, soʻnggi yetti yilda Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida ulkan oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Buni jahon hamjamiyati, xalqaro ekspertlar, taniqli davlat va siyosat arboblari ham eʼtirof etmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalar qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklari, orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etmoqda.
Muhtaram doʻstlar!
Hech kimga sir emas, bugun dunyoda beqaror vaziyat hukm surmoqda. Xalqaro maydonda davlatlarning bir-biriga oʻzaro ishonchi susayib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda hayotning oʻzi bizdan mamlakatimizda hukm surayotgan oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni buzgʻunchi yot gʻoya va oqimlar, tashqi taʼsirlardan asrashga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishni talab etmoqda.
Koʻpmillatli va koʻpmadaniyatli jamiyatni oqilona boshqarish sohasida Oʻzbekiston muhim tajriba toʻpladi. Bizning bu boradagi faoliyatimiz dunyo miqyosida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Biz bundan buyon ham nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratamiz. Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettiramiz.
Bu olijanob maqsad yoʻlida yurtimiz boʻylab bir hafta davomida oʻtkaziladigan Doʻstlik festivallari xalqimizni yanada birlashtiradi, mintaqamizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Aziz yurtdoshlar!
Fursatdan foydalanib, sizlarni, butun xalqimizni Xalqlar doʻstligi kuni bilan yana bir bor chin koʻngildan muborakbod etaman.
Jonajon Vatanimizda doimo tinchlik-osoyishtalik va farovonlik hukm sursin, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqiga hamisha baxtu saodat yor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti