Oʻzbekiston xalqi, jumladan tayekvondo ishqibozlari Butunjahon tayekvondo kunini katta tantana bilan nishonlashdi.
4-sentyabr – Butunjahon tayekvondo kuni yurtimizda ham ulugʻvor tantanaga aylanib ketdi. Ushbu sanaga bagʻishlab Oʻzbekiston tayekvondo WT assotsiatsiyasining maydonida mingdan ortiq yosh tayekvondochilar ishtirokida katta tadbir (fleshmob) oʻtkazildi.
Joriy yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan «Tayekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarorda bir qator istiqbolli vazifalar belgilangan edi. Jumladan, uning targʻibotini oshirish maqsadida har yili 4 sentyabr – Butunjahon tayekvondo kunini mamlakatimizda ham nishonlash koʻrsatib oʻtilgan. Mazkur tadbir ushbu qarorda belgilangan topshiriqning amaliy ijrosi boʻldi.
Tadbir davomida assotsiatsiya xodimlari, shuningdek, tayekvondo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulugʻbek Rashitov soʻz olib, Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan mazkur sportning yurtimizdagi rivoji yildan yilga yuksalib borayotganiga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Shundan soʻng barcha yigʻilganlar ishtirokida fleshmobga start berildi.
Qayd etish joizki, bu loyiha faqatgina poytaxtimizda tashkil etilgani yoʻq. Shu kabi tantanalar mamlakatimizning barcha viloyatlarida koʻtaringki ruhda oʻtkazildi. Bolajonlarga, ayniqsa, tayekvondo ishqibozlariga ulugʻvor kayfiyat bagʻishlandi.
GUJUM.UZ