5 dekabr – Xalqaro koʻngillilar kuni

0
346
marta koʻrilgan.

Bugun butun dunyo boʻylab iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish uchun Xalqaro koʻngillilar kuniga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilmoqda. Mazkur kunning bu yilgi shiori “Koʻngillilar va inklyuziv kelajak” volontyorlik faoliyati vositasida mamlakatlarni oʻzidagi tengsizlikning barcha koʻrinishlarini qisqartirish uchun 10-Barqaror rivojlanish maqsadiga diqqatni qaratishga daʼvat etadi.

Shunisi diqqatga sazovorki, 2019 yilning 2 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga imzo chekdi. Unda volontyor va volontyorlik tashkilotining maqomi mustahkamlandi va koʻngillilik faoliyatining yoʻnalishlari belgilab berildi.

Ushbu sana munosabati bilan tantanalar Nukusdagi Berdaq nomli Qoraqalpoq davlat akademik musiqiy teatrida ham boʻlib oʻtdi, bu yerda Qoraqalpogʻistonning 10ta tumanidan 600 nafarga yaqin eng faol volontyor jam boʻldi.

Tadbir davomida qayd etilganidek, BMTTD, BMTQD, JST, YUNFPA va YUNISEF kabi tashkilotlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari orqali mintaqada infratuzilmani takomillashtirish va sogʻliqni saqlash tizimi salohiyatini oshirish borasida ishlar olib borilmoqda.

“Hamkorlik doirasida Nukus va Urgenchda Davlat epidemiologik nazorati uchun sovutish omborini qurilishi yakunlandi, vaksinatsiya boʻyicha axborot tizimi joriy etildi, Moʻynoq tumanidagi qishloq vrachlik punktlari quyosh panellari bilan taʼminlandi, birlamchi bosqichdagi davolash-profilaktika muassasalarining faoliyatini standartlashtirish, integratsiyalash va muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi PAL strategiyasi ishga tushirildi. Koʻngillilar faoliyati natijasida aholining turli kasalliklar toʻgʻrisidagi xabardorligi darajasi oshadi. Tumanlardagi tibbiyot muassasalariga aholining murojaatlari soni koʻpayib, kasallikni dastlabki bosqichlarida aniqlash imkoni paydo boʻldi”, — deb taʼkidladi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Faxriddin Abdullayev.

2012 yildan boshlab to shu kungacha butun mintaqada mahalliy aholining 3 710 nafar koʻngillisi oʻqitildi. Muhim yoʻnalishlar sirasida — gigiyena, sanitariya va sogʻliqni saqlash masalalari oʻrin olgandi, bu esa 386 906 nafar odamning tibbiy savodxonligini oshirish imkonini berdi.

Muntazam asosda salomatlik masalalarida hamjamiyat koʻngillilari yakka tartibdagi uchrashuvlar, qishloq ahli bilan axborot sessiyalari oʻtkazib kelmoqdalar, ularda yurak-tomir, oshqozon-ichak, nafas olish yoʻllari kasalliklarini oldini olish yaʼni profilaktikaning ahamiyati, hamda onalik va bolalikning tibbiy  himoyasi haqida maʼlumot bermoqdalar.

Tadbirning rasmiy qismidan soʻng  ishtirokchilar eʼtiboriga “Qoraqalpogʻistonda volontyorlik” nomli hujjatli film namoyish etildi. Shu kunning oʻzida koʻngililar sakkizta nominatsiyalar boʻyicha esdalik mukofotlari va sovgʻalarini olishdi.

“Eng yaxshi volontyor — oʻqituvchi” nominatsiyasida mukofot olganimdan juda xursandman. Men oʻzim Xoʻjayli tumanidagi 29-maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Maktabimizda tez-tez oʻquvchilar, oʻqituvchilar, shuningdek ota-onalar oʻrtasida salomatlik mavzusida suhbatlar oʻtkazaman. Treninglar davomida bizga taqdim etilgan oʻquv qoʻllanmalar – maʼlumot kalendarlari, bukletlar, sanitariya kitoblari va plakatlar katta yordam beradi, ishimizni osonlashtirib, aholi bilan suhbatlarni qiziqarli tarzda oʻtkazishga xizmat qiladi”, —  deydi Xoʻjayli tumanidagi “Nauriz Kumbiz” MFYdan kelgan Qizlargul Kudiyarova.

Nukusdagi Xalqaro koʻngillilar kuni tantanalari BMTning  “Orol mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoitini yaxshilash” qoʻshma dasturini amalga oshirish doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagida tashkil etildi.

Malika MUSAYEVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.