Oʻzbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga oʻtish Strategiyasi 2019 yil 4 oktyabrda tasdiqlandi. Uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Ushbu masalani tushuntirish uchun avvalo, xalqaro hamjamiyatning atrof muhitni muhofaza qilish muammolari haqida ham soʻz yuritish kerak. Zero, Ona Yer umumiy uyimiz! Uni birgalikda asrash har bir mamlakatning burchidir!
1972 yil 5 iyunda Stokgolm shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof muhitga bagʻishlangan Konferensiyasida Butunjahon atrof muhit kunini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi. Mazkur qarordan koʻzlangan maqsad xalqaro hamjamiyat eʼtiborini atrof muhitni muhofaza qilish muammolariga hamda global ekologik inqirozning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratishdan iboratdir.
Dunyoning qator mamlakatlarida 5 iyun – Butunjahon atrof muhit kuniga bagʻishlab turli xil tadbirlar, jumladan, “yashil” konsertlar, koʻrik-tanlovlar, bogʻlar yaratish, shuningdek, atrof-muhitni tozalashga qaratilgan turli ekologik aksiyalar oʻtkaziladi.
Insoniyat XXI asrga kelib gʻoyat murakkab muammolar qarshisida turganligini tushunib yetdi. Jahon miqyosida yuz bergan jarayonlar tahlili shuni koʻrsatdiki, iqlim oʻzgarishi, ozon qatlamining yemirilishi, choʻllanish va yerning degradatsiyasi, bioxilma-xilliklarning qisqarishi, ichimlik suvining ifloslanishi va yetishmasligi, oʻrmon va tuproq inqirozi insoniyat uchun nihoyatda dolzarb global ekologik muammolardan biri boʻldi.
Aholi sonining oshib borishi, sanoat va transportning rivojlanishi, fan-texnikaning taraqqiy etishi, insonning biosferaga koʻrsatayotgan taʼsir doirasini kengaytirib bormoqda. Bu esa oʻz navbatida u yoki bu ekologik muammolarni kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Bugungi kunda tabiat bilan jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarda mutanosiblik insoniyat tabiatdan foydalanishda tabiat qonunlariga emas, aksincha, shaxsiy manfaatlariga asoslanib faoliyat koʻrsatishi oqibatida tabiatdagi muvozanatning sezilarli darajada buzilgani, yaʼni, dunyoning turli burchaklarida tabiiy ofatlar: suv toshqinlari, zilzilalar, oʻrmon yongʻinlari va boshqa shu kabi talofatlarning roʻy berayotgani hech kimga sir emas. Inson tabiiy muhitga taʼsir etar ekan, uning oʻzi ham “aks taʼsir”ga duch kelmoqda. Bularning barchasi endilikda insonning oʻziga va uning sogʻlom tabiiy muhitda yashashiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Tabiat boyliklaridan ekologik omillar hisobga olinmagan holda foydalanish tufayli atrof-muhitni ifloslantiruvchi sanoat va maishiy chiqindilarning hajmi keskin ortib borayotgani insonning tabiatga koʻrsatayotgan salbiy taʼsirini kuchaytirmoqda.
Iqlim geografiyasi oʻzgarmoqda. Soʻnggi 15 yil davomida oʻrtacha harorat eng yuqori koʻrsatkichga yetdi. Iqlimiy oʻzgarishlarning taʼsiri qutblarda ayniqsa, yaqqol namoyon boʻlmoqda. Suv isishi jarayoni tezlashib bormoqda. Yer shari qutb qopqogʻining qalinligi soʻnggi 40 yilda 40% ga kamaygan. Oʻrtacha harorat oshib borishi natijasida ichimlik suvi zaxiralarining 20 % ini tashkil etadigan Grenlandiya muzliklari erisa suv sathi 7 metrga koʻtariladi. Harorat oshishi sababli XX asrning oʻzidayoq suv sathi 20 sm.ga koʻtarilgan.
2018 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qildi va uni amalga oshirish yuzasidan milliy miqyosda belgilanadigan hissa boʻyicha — 2030 yilga qadar issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish miqdoriy majburiyatini qabul qildi.
Parij bitimi majburiyatlarini bajarish doirasida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish boʻyicha oʻrta muddatli ustuvor vazifalar mamlakatda iqtisodiyotning energiya va resurs sarfi hajmini kamaytirish, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, Orolboʻyida ekologik tanglik oqibatlarini bartaraf etishni nazarda tutadigan qator strategik va tarmoq rejalari, dasturlari, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 4 oktyabrda iqlim oʻzgarishi masalalarini milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga integratsiya qilishga yoʻnaltirilgan 2019 — 2030 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga oʻtish Strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardir:
-iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
-davlat investitsiyalarining ustuvor yoʻnalishlari va xarajatlariga “ yashil” mezonlarni kiritish;
-“yashil” iqtisodiyot tamoyillarini tadbiq etish loyhalarini davlat tomonidan ragʻbatlantirishni taʼminlash;
-“yashil” iqtisodiyot uchun kadrlarni tayyorlash;
-“yashil” iqtisodiyot sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va boshqalardir.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasining yaqin muddatlarda va 2025 yilgacha moʻljallangan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha vazifalar quyidagilardan iborat.
— mamlakat energiya balansida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 10 foizgacha yetkazish;
— atmosfera havosini ifloslanish darajasini 1,5 barobarga kamaytirish;
— barcha turdagi chiqindilardan oqilona foydalanishga erishish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va takroriy foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni qabul qilish orqali ularni qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish, hosil boʻlayotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdorini 20 foizgacha yetkazish;
— yirik sanoat markazlari atrofida “yashil qalqonlar” barpo etish;
— respublika hududining oʻrmon bilan qoplanganlik darajasini 7,6 foizdan (3,4 mln. gektar) 15 foizga (7 mln. gektar) yetkazish.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasining ushbu vazifalari mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish Strategiyasi bilan hamohangdir.
Shuni alohida qayd etish joizki, katta resurs talab etadigan, atrof muhitga salbiy taʼsirni kuchaytiradigan iqtisodiyotning eskirgan modelidan voz kechish iqtisodiy barqarorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yashil iqtisodiyot – bugungi kunda iqtisodiyotning rivojlanishi jarayonida tabiiy resurslarni tejaydigan, aholi salomatligini himoya qiladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan, atrof muhitni muhofaza qiladigan yoʻnalishlarga tayangan holda amalga oshiriladi.
Umuman olganda, “Yashil iqtisodiyot” uchta nazariyaga tayanadi, yaʼni:
birinchidan, cheklangan makonga taʼsirni cheksiz ravishda kengaytirib boʻlmaydi;
ikkinchidan, tobora ortib borayotgan isteʼmol talabini cheklangan resurslar sharoitida qondirib boʻlmaydi;
uchinchidan, yer yuzidagi barcha narsalar va hodisalar bir-biri bilan bogʻliq.
Shu nuqtai-nazardan olib qaraganda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish bugungi kunning kechiktirib boʻlmas masalalaridan biri sanaladi.
Professor Umida KAMILOVA, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati