Abu Rayxon Beruniyning deyarli ming yil oʻtib, oʻz yurtiga tushgan “soyasi”

0
69
marta koʻrilgan.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetimiz jamoasi talabalarga  bilim berish bilan birga  amaliyotni ham uzviylikda yuritishga intiladi.

Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik kafedrasining  oʻqituvchilari N.Sadullayeva, O.Madaliyeva. N.Xolboboyeva va N.Xadjiyeva yetakchiligida ushbu kafedrada tahsil olayotgan talabalar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga tashrif buyurishdi. Ilm maskanida talabalar institut faoliyati, tarixi, qoʻlyozmalar fondi bilan yaqindan tanishdilar.

Binoga kiraverishdagi peshtaxtadagi yozuv ularning eʼtiborini jalb qildi. Unda ulugʻvor va zamonaviy bino Ummon sultonligi mamlakati koʻmakida qurilgani qayd etilgandi.

– Avvalo, kutubxona va zamonaviy texnikalar bilan tanishib olinglar, yoʻl-yoʻlakay u haqida ham maʼlumot beriladi, – deyildi ularga.

Ulugʻvor, zamonaviy bino  va qadimiy kitoblarni jahon andozalariga mos ravishda asrash va ularni taʼmirlashga  oid uskunalar, skanerlovchi hamda boshqa eng oxirgi rusumdagi kutubxona uskunalari bilan  taʼminlangani, ularni ishlatish jarayonlari talabalarda katta qiziqish uygʻotdi.

Ayniqsa, deyarli ming yil oʻtib boʻlsa-da, Abu Rayxon Beruniyning oʻz yurtiga “soyasi” tushib turganligi ularni toʻlqinlantirdi. Nega?! Beruniy oʻz asarida  Hindiston mamlakati haqida maʼlumotlar berganidek,  Ummon mamlakatini ham  tilga olgan ekan. Bundan ruhlangan Ummon sultonligi yetakchisi  Beruniy nomidagi ushbu kutubxonani taʼmirlab berish istagini bildirgan va boʻsh yotgan joyda ulugʻvor bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib, zamonaviy uskunalarni ham yetkazib bergan ekan.

Talabalar kutubxona kataloglaridan foydalanishni ham oʻrganib olishdi va katta tassurotlar bilan qaytishdi.

Abu Rayxon Beruniy tavallud topgan Xorazmda buyuklarni gujum daraxtiga qiyos etishadi. Gujum koʻp yillik daraxt boʻlib, ming yil oʻsib-unib turishi mumkin. Gujum tabiiy salqinlatgich, uning  soyasida  harorat atrofga nisbatan 15-20 darajada salqin boʻladi. Yomgʻir yogʻsa bir tomchi tagiga tushmaydi. Chunki barglari kichkina va zich joylashgan.  Men barglarining goʻzalligini ohu koʻziga oʻxshataman. Shuning uchun  goʻdakni beshikka belayotganda momolar el-yurtga gujumdek soya, uzumdek meva bersin, deya ezgu tilaklar bildirishadi. Abu Rayxon Beruniy ming yil oʻtsa-da, hamon el-u yurtiga  gujumdek «soya» tashlab, koʻmaklashib turibdi.

Xalqimizning ilm – xazina degan hikmatining bir yoʻnalishi, bir koʻrinishi shu boʻlsa kerak.

Nodira SAʼDULLAYEVA, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.