Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va TURKSOY xalqaro tashkiloti hamkorligida turkiy tilli davlatlar ijodkorlari ishtirokida yaqinda XVI Turkiy sheʼriyat festivali Toshkentda boʻlib oʻtdi.
Festival doirasida tadbir ishtirokchilari poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy ijod maktabi hamda Abdulla Qodiriy memorial muzeyi bilan tanishdi.
“Turon” kutubxonasida taniqli turk shoiri Mehmet Doʻgʻan xotirasiga bagʻishlangan mushoira boʻlib oʻtdi.
Festival qatnashchilari Abdulla Qodiriy memorial muzeyi misolida yurtimizning jadidlari faoliyati bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.
1913 yilda tashkil etilgan “Turon” kutubxonasi ham jadidlar faoliyati, tarixi bilan bevosita bogʻliq tarixiy maskandir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Turon” kutubxonasi shunday fayzli va muhtasham koʻrinishda qad rostladi. Abdulla Qodiriy memorial muzeyi tashkil etildi. Turkiy tilli davlatlar shoirlarining sheʼriyat bayrami tadbirlari ushbu dargohda oʻtkazilishida oʻziga xos ramziy maʼno mujassam.
Festival, adabiyot ahli oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, eng sara adabiy asarlarning turkiy tilli mamlakatlar tillariga tarjima qilinishini yanada yaxshilashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.
Bugungi kunda madaniy aloqalar Turkiyada davom etmoqda. Shu kunlarda Turkiyada 21-Anqara kitob yarmarkasi oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari hamda respublikamizda faoliyat yuritayotgan nashriyotlar ishtirok etyapti. 29-noyabr kuni boshlangan koʻrgazma 8-dekabrga qadar davom etadi.
gujum.uz