Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 apreldagi qaroriga muvofiq, maʼnaviy hayotimizda oʻchmas iz qoldirgan atoqli yozuvchi va shoirlarning tarixiy xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodning madaniy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish maqsadida Milliy bogʻ hududida Adiblar xiyoboni barpo etilmoqda.
Bu xiyobon Alisher Navoiy haykali bilan uygʻun boʻlib, yaxlit meʼmoriy ansanbl hosil qilishi uchun yangi loyiha ishlab chiqildi. Unga koʻra, 8 gektardan ziyod hudud obodonlashtirilib, Alisher Navoiy haykalini qayta oʻrnatish belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev bu yerda olib borilayotgan ishlar, haykallar koʻrinishiga oid loyihalar bilan tanishdi. Haykallar yonida lavhlar oʻrnatib hamda audioyozuvlar orqali har bir adib haqida qisqacha maʼlumot berish, ularning hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazish uchun qoʻshimcha sharoit yaratish zarurligini taʼkidladi. Alisher Navoiy haykali gumbazini bezatish, hududni obodonlashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Sobiq Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati koʻrgazmasi binosi rekonstruksiya qilinib, u yerda Toshkent muzeyi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari uning konsepsiyasiga oid loyihalar bilan tanishib, muzeyning mazmun-mohiyatini boyitish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
– Toshkent tarixi, bu yerlik allomalar merosi hali toʻliq oʻrganilmagan. Bu joy ilmiy asoslangan, shaharning buyuk oʻtmishini yoshlarga, mehmonlarga yetkazadigan maskan boʻlishi kerak, – dedi Prezident.
Muzeyni Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyining filiali tarzida tashkil etib, malakali ilmiy xodimlarni jalb qilish, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi.