“ADM Jizzakh” zavodida yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqariladi

0
43
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oldinlari Jizzax viloyati sanoat koʻrsatkichlari eng past boʻlgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.

Viloyat sanoatini rivojlantirishda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi katta oʻrin tutmoqda. U mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha respublikada uchinchi, eksport hajmi boʻyicha esa oltinchi oʻrinda turadi. 
Keyingi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, ishlab chiqarishga qulaylik kengaytirildi. Bugungi kunda sanoat zonasida 33 ta loyiha amalga oshirilib, 7 ming 670 kishi ishlamoqda.

“ADM Jizzakh” masʼuliyati cheklangan jamiyati sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. U 2021 yilda tashkil etilgan. Oʻtgan uch yilda “Kia”, “Chery” hamda “Haval” brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan.

Loyiha doirasida 234 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilib, 1 ming 800 ta ish oʻrni yaratildi. 

Birinchi bosqichda yirik uzelli yigʻuv yoʻlga qoʻyilgan edi. Bir vaqtning oʻzida zavodni kengaytirish boʻyicha ishlar olib borilib, joriy yil mart oyida yangi bino va quvvatlar ishga tushirildi. Yaʼni, yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda shtamplash, payvandlash, boʻyash va yigʻishni qamrab oluvchi ishlab chiqarish jarayoni tashkil etildi. 

Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonini atroflicha koʻzdan kechirdi.

Korxona yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Ular Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan. Zavodda 30 ta robot bor, ishlab chiqarish jarayoni 33 foiz avtomatlashtirilgan. Avtomobilning yurish qismlari sozligi, statik va dinamik tormoz tizimini tekshirish jihozlari oʻrnatilgan.   

Prezidentimiz zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, yurtimiz sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Bu borada ishlar boshlangan. 2024-2027 yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirirish rejalashtirilgan. Ayni paytda mamlakatimizdagi 21 ta  korxona bilan kooperatsiya tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Umuman, korxonada yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Natijada kelgusida ish oʻrinlari soni 3 mingga yetkazilishi koʻzda tutilgan.

Avtomobillar sifatini yanada oshirish maqsadida Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Vyetnam davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etildi. Bu borada xorijiy hamkorlar bilan joriy yildan boshlab dastlab 50 nafar muhandis Janubiy Koreya hamda Xitoydagi tadqiqot va loyihalash markazlarida malaka oshirishga yuborilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari zavodda ishlab chiqarish boshlangan yangi “Kia Sonet” avtomobilini koʻrdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.