Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabr kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yoʻl va koʻpriklar qurilib, yoʻlovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Jumladan, havo yoʻllari tarmogʻida Samarqand, Termiz, Moʻynoq, Zomin, Qoʻqon, Urganch aeroportlari yangilanib, ishga tushirildi. Soʻnggi yillarda “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qayta qurilmoqda.
Dastlab 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi qurildi. U eng ogʻir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega boʻldi. Ayni paytda yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qoʻnishni taʼminlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
Shu yerda terminallarning tashqi va ichki koʻrinishi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari binolarning fasad qismi milliy dizaynda boʻlishi, pardozlash va jihozlashda issiq ranglarga koʻproq oʻrin berilishiga ahamiyat qaratdi. Yuqori martabali mehmonlarni kutib olish, uchrashuvlar oʻtkazish uchun barcha qulayliklarni inobatga olish zarurligini taʼkidladi.
Maʼlumki, mazkur aeroport “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, Olimpiya shaharchasi bilan yonma-yon. Ushbu majmualarni va yoʻl boʻyini koʻkalamzorlashtirish, gullar ekib, xalqimiz madaniyatini namoyon etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.