Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi matbuot markazida tashkil etilgan sessiya yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev soʻzga chiqdi. U mamlakatimizning Afgʻonistonda ishlab chiqarish, farmatsevtika sanoati, qurilish, energetika, transport-logistika sohalaridagi loyihalarni roʻyobga chiqarishdagi tashabbuslari haqida fikr bildirdi, deya xabar beriladi uza.uz saytida
– 2017 yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 617 million AQSH dollaridan oshdi. Ammo bu raqamlar ikki tomonning toʻliq imkoniyatlarini koʻrsatmaydi. Shu kunga qadar Afgʻoniston bilan savdoda elektr energiyasi yetkazib berish va qora metallurgiya sanoati yetakchilik qilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻanining 4 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishi hamkorlik yoʻnalishida yangi sahifa ochdi.
Bugun Afgʻonistonda 36 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va ushbu mamlakatning yillik import hajmi 6,5 milliard dollarga tengdir. Oʻzbekistonning ushbu raqamlardagi ulushi 3 milliardni tashkil etishi mumkin boʻlgan bir vaqtda, mamlakatimiz savdo aylanmasining afgʻon diyori importidagi hissasi 10 foizdan kamroqni tashkil qilmoqda. Shu bois bu boradagi hamkorlikni tanqidiy tahlil qilish va Afgʻoniston bilan savdo-sheriklikdagi loyihalarni diversifikatsiya qilish zarurati tugʻildi.
Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻanining mamlakatimizga tashrifi doirasida bu ijobiy intilishlar oʻzining amaliy natijalarini berdi. Yaʼni tashrif yakunlari boʻyicha mamlakatlarimiz oʻrtasida 500 million AQSH dollaridan ortiq shartnomalar tuzishga erishildi.
Eʼtiborli jihati shundaki, mamlakatimizning Afgʻoniston bilan hamkorligi mahsulotlarimizni afgʻon bozoriga yetkazib berishdan iborat boʻlib qolayotgani yoʻq. Ikki tomon uchun birdek manfaatli loyihalarni ishlab chiqish yoʻlida salmoqli kelishuvlar amal qilmoqda. Afgʻoniston temir yoʻl tarmogʻini rivojlantirish, yoʻnalishlarni kengaytirish borasidagi tashabbuslar shular jumlasidan. Kelishuvlar asosida oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan Hayraton – Mozori Sharif temir yoʻli qurib, foydalanishga topshirilgandi. Hozirgi kunga kelib Mozori Sharif – Hirot yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl tarmogʻi qurishni koʻzda tutadigan loyiha ustida ish olib borilmoqda. Mazkur tarmoqning uzunligi 650 kilometr, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiqni tashkil qiladi. Bu savdo aylanmasini sezilarli koʻpaytirish va Afgʻonistonning tranzit xizmatlari eksportini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekistonning farmatsevtika sanoati tobora rivojlanib bormoqda va bugun Afgʻoniston tomonidan ushbu sohada ham hamkorlikni kengaytirishga katta qiziqish bildirilmoqda. Birgina misol. Shu kungacha Afgʻonistonga dori-darmon, tibbiy vositalar yetkazib berish boʻyicha 500 ming dollarlik shartnomalar tuzilgan boʻlsa, endilikda qoʻshni mamlakat 25 million dollarlik dori-darmon mahsulotlarini xarid qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mashinalari va maxsus texnikalarini xarid qilish, ularga servis xizmatlari koʻrsatishni Afgʻonistonda yoʻlga qoʻyish taklif qilinmoqda. Bu imkoniyatlarni yanada kengaytirishda “Oʻzsanoateksport” va “Uztreyd” tomonidan Kobul va Mozori Sharif shaharlarida ochilgan savdo uylari muhim oʻrin tutayotganini alohida qayd etish oʻrinli.
Shunga qaramasdan iqtisodiy hamkorlik yoʻnalishida ishga solinmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Ulardan toʻlaqonli va samarali foydalanish masalasi Afgʻonistonda qaror topajak tinchlikka bevosita bogʻliqdir. Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi bu boradagi tashabbuslarning yangi yoʻnalishini boshlab berishiga ishonamiz.