26-27 mart kunlari boʻlib oʻtadigan Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi matbuot markazida parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlikning turli qirralariga bagʻishlangan seminar-treninglar, shoʻba yigʻilishlari tashkil etilmoqda.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlik masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan anjumanda qatnashgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi direktori Oybek Roʻziyev OʻzA muxbiriga ushbu markaz faoliyati haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻanining 2017 yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazini tashkil etish boʻyicha bitim imzolangan edi. Ushbu bitimga muvofiq, qisqa vaqtda markazimiz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda markazda oʻzbek tili va adabiyoti bakalavr yoʻnalishi boʻyicha 96 afgʻonistonlik talaba oʻqitilmoqda.
Taʼlim muassasasida mashgʻulotlarni olib borish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Termiz davlat universitetidan tilshunos va adabiyotshunos, folklorshunos oʻqituvchilar jalb etilgan.
Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida markazda 2017-2018 oʻquv yilining 1-semestri darslari oʻzbek va dariy tillarida tashkil etildi.
Ayni paytda Afgʻoniston tomoni ehtiyojidan kelib chiqib, markaz uchun 17 oliy taʼlim yoʻnalishi va 16 oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishi oʻquv rejalari modullashtirilgan shaklda ishlab chiqildi.
Muassasamiz axborot-resurs markazi siyosiy, ijtimoiy-gumanitar, texnika yoʻnalishidagi fanlar boʻyicha darslik va qoʻllanmalar, badiiy adabiyotlar, Oʻzbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli film, audiotoʻplamlar bilan taʼminlangan.
Markazning rasmiy veb-sayti ishlab turibdi. Unda afgʻonistonlik yoshlar taʼlimda erishayotgan yutuqlar, markaz yangiliklari haqida maʼlumotlar joylashtirib borilmoqda.
Markaz videoterminal qurilmasi yordamida oliy taʼlim muassasalari korporativ tarmogʻi va “Elektron taʼlim tarmogʻi”ga ulanish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, elektron kutubxona tizimi tashkil qilinib, 5 mingdan ortiq kitoblar kiritildi.
Markazda 700 oʻrinli oʻquv binosi, oʻgʻil bolalar va qizlar uchun talabalar turar joylari, 100 oʻrinli oshxona, sport zal, sport maydonlari mavjud. Shuningdek, kimyo, fizika, temir yoʻl va transport tizimini oʻrganish boʻyicha laboratoriya xonalari, maʼruzalar zali, lingafon xonasi, sartaroshxona, savdo doʻkoni bor.
Yaqin vaqt oraligʻida afgʻonistonlik yoshlarga temir yoʻllari sohasida taʼlim berish imkoniyatlari ham yaratilishi koʻzda tutilgan. bularning bari afgʻon yigit-qizlarining sifatli bilim olishi va ilm darajasini oshirishga xizmat qilayapti.
Manba: OʻzA