Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bogʻi hududi 155 gektar boʻlib. mazkur dam olish maskanida 123 million dollarga teng loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida ushbu istirohat bogʻida bajarilgan ishlar bilan tanishdi, dam oluvchilar bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil may oyida viloyatga tashrifi chogʻida “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bogʻi loyihasi bilan tanishgan va uni eng zamonaviy talablar asosida barpo etish zarurligini taʼkidlagandi. Oʻtgan yilgi tashrifi doirasida qurilish ishlarini koʻzdan kechirib, uni tez va sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar bergan edi.
Shu davr mobaynida bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Hozirda qisman ishga tushirilgan madaniyat va istirohat bogʻi toʻliq foydalanishga topshirilsa yiliga 600 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
Ayni paytda 16 turdagi attraksionli tematik park, 2400 oʻrinli amfiteatr, 7 xil suv attraksionlari va 16 ta basseynli akvapark, 2 ta zamonaviy sharshara va musiqali favvora, 3 ta restoran, 1800 oʻrinli 2 ta avtoturargoh tashkil etilgan. 2022 yil mart oyiga qadar milliy hunarmandlar markazi, masjid, 400 oʻrinli mehmonxona, 110 ta villani ishga tushirish rejalashtirilgan.
1 ming 500 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan bu maskanda bugungi kunda 600 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.
— Ikki yil oldin mana shu bogʻ loyihasi bilan tanishib, unga “Afsonalar vodiysi” deb nom berishni taklif qilgandim. Nomiga munosib boʻlibdi. Mamlakatimizda bu kabi zamonaviy dam olish maskanlarini hali koʻplab barpo etamiz, — dedi davlatimiz rahbari.