Afsonaviy Oksana Chusovitina bilan matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi

0
210
marta koʻrilgan.

Oksana Chusovitina . . . Oʻzbekistonlik ushbu afsonaviy gimnastikachining nomi butun dunyoga tanildi. Hamyurtimiz 44 yosh boʻlishiga qaramay hali-hanuz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Shtutgart (Germaniya) shahrida oʻtgan sport gimnastikasi boʻyicha jahon chempionati orqali Oksana Chusovitina oʻzining sakkizinchi Olimpiadasiga yoʻllanma oldi. Chusovitina sportchilik faoliyatini yakunlamasdanoq “Ginnesning rekordlari” kitobi va “Xalqaro gimnastika shon-sharaf zali”ga oʻz nomini bitib qoʻydi.

Poytaxtimizdagi “LOTTE Tashkent” mehmonxonasida afsonaviy sportchimiz bilan matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi. Unda faxriy mehmonlar, sportimizning taniqli vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir Chusovitina Tokio Olimpiadasidan keyin faoliyatini yakunlashi haqidagi gap bilan boshlandi. Quyida gimnastikachimizning matbuot-anjumanidagi javoblari bilan tanishtirib oʻtamiz.

– Barcha Olimpiya oʻyinlariga katta kuch bilan tayyorgarlik koʻradi. Biroz avval Tokio Olimpiadasi siz uchun oxirgi chiqish boʻlishini taʼkidladingiz . . .
– Men sport tadbirlarida ishtirok etishni davom ettiraman. Olimpiada oldidan meni jahon kubogi bahslari kutib turibdi. Shundan soʻng oʻzim qatnashadigan bir qator loyihalar mavjud. Tokio Olimpiadasi men uchun yakuniy start boʻladi va katta sportdagi faoliyatimni yakunlayman. Lekin sport sohasining ichida qolaveraman. Kelajakda bolalar sportini rivojlantirishga oʻz xissamni qoʻshmoqchiman.

– Bolalar sportini aynan qanday rivojlantirmoqchisiz?
– Bu mening bosh maqsadlarimdan biri. Olimpiadadan keyin davlatimiz, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi yordami bilan gimnastika maktabimni ochmoqchiman. Shuningdek, yosh avlod orasida ommaviy sport va sogʻlom turmush tarzini rivojlantirishda oʻz xissamni qoʻshish niyatim bor. Yana bir qoʻshimcha qilmoqchimanki, bolalikdan sport bilan shugʻullanish hamisha oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatib kelgan.

– Eshitimizcha, Olimpiadada koʻp kurash boʻyicha ham qatnashmoqchisiz. Shu rostmi?
– Yoʻq, men Tokioda faqat tayanib sakrash boʻyicha ishtirok etaman.

– Yosh gimnastikachilarimiz orasida kimni koʻproq istiqbolli deya olasiz?
– Ularni nomma-nom keltirish bir muncha qiyin. Barchalari bir maqsad yoʻlida mehnat qilishmoqda. Asosiysi qobiliyat emas, mehnatdir. Vaqt va mehnat ularning nimalarga qodir ekanligini koʻrsatib beradi. Mehnatkash sportchida yillar oʻtib bari oʻz samarasini bera boshlaydi. Qobiliyat esa vaqti kelib gʻoyib boʻlishi mumkin. Shu bois ham men koʻproq mehnatkash sportchilarni qadrlayman. Bu mening shaxsiy fikrim.

Shuningdek, tadbir davomida joriy yilning 14 noyabr sanasida “Humo arena” muz saroyida namoyish etilishi kutilayotgan Oksana Chusovitinaning “Mening yoʻlim” nomli teatrlashtirilgan sport shousiga tayyorgarlik ishlari boshlangani haqida eʼlon qilindi. Tashkilotchilar mazkur shouda jahon sportining yorqin vakillari ham ishtirok etishi kutilayotgani haqida taʼkidlab oʻtishdi. Bundan tashqari “Mening yoʻlim” shousidan avval Chusovitina bir qator Olimpiada chempionlari bilan mahorat darslarini koʻrsatishi belgilab qoʻyilgan.

Taʼkidlash joiz, Oksana Chusovitina bilan uchrashuv yuqori saviyada tashkil etildi va OAV vakillari tadbir davomida oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.