Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 23 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdi.
Oʻzbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, oʻzbek adabiyoti namunalarini chet tillarga tarjima qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
«Ona tilimizning boyligini, unga hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan koʻrsatishingiz kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev universitet mutaxassislari bilan suhbatda.
Mazkur oliy taʼlim muassasasining oʻzbek-ingliz tarjima fakulteti, tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, tarjimashunos Gulnoza Odilova oʻzining oʻzbek adabiyoti namunalarini chet tillarga tarjima va targʻib qilish mexanizmi loyihasini Prezidentga namoyish etdi. Shavkat Mirziyoyev mazkur rejani zudlik bilan amalga oshirish choralarini koʻrish lozimligini qayd etdi.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida Gulnoza Odilova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʻini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Xalqaro tarjimonlar noshirlik uyi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish, ushbu loyiha faoliyatiga yurtimiz va chet ellardagi mohir tarjimon hamda muharrirlarni tanlov asosida keng jalb etish, milliy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga oʻgirib, dunyo tafakkuri, madaniyati, maʼnaviyati va maʼrifati yuksalishida Vatanimizning salmoqli hissasini qoʻshishga kelishib olindi.
Ayni paytda mazkur yoʻnalishdagi ishlar boshlab yuborilgan. Yaqin kunlarda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi qoshida Xalqaro tarjimonlar noshirlik uyi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Uning faoliyatidan nainki mamlakatimiz aholisi, balki dunyo xalqlari ham bahramand boʻlishiga ishonamiz.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati