Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 oktyabr kuni agrar sohada yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uch yil avval mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilinib, katta islohotlar boshlangan edi. Jumladan, meva-sabzavot eksporti 1,7 baravar oshib, 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Gʻallachilikda bozor mexanizmlariga oʻtilgani natijasida fermerlar daromadi 2 baravarga oshdi. Aholiga yerlarni boʻlib berish hisobiga bu yil qoʻshimcha 1 million tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi.
Iqlim oʻzgarishi va jahondagi murakkab vaziyat sababli oziq-ovqat xavfsizligi asosiy masalaga aylanmoqda. Jahonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi oshishi kutilmoqda. Bunday vaziyatda, avvalo, aholi talabini qondirish hamda eksport imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish kerak.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi vaziri shu boradagi rejalar haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari sohadagi dolzarb vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.
– Qishloq xoʻjaligi masalasini alohida eʼtiborga olib, tez-tez muhokama qilib borayotganimiz bejiz emas. Chunki bu iqtisodiyotimizning toʻrtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Buning zamirida xalqimiz farovonligi, narx-navo barqarorligi, qancha ish oʻrinlari yotibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalo, yer va suv resurslaridan samarali foydalanib, hosildorlikni oshirish masalasi koʻrildi. Fermerlarga tuproqning tarkibini aniqlash, urugʻlik tanlash, ekinni sugʻorish va zararkunandalardan himoyalashda koʻmaklashish kerakligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda 200 ming gektar maydonni lazerli tekislash taklifi maʼqullandi. Bunda hosildorlik oshgan maydonlar uchun subsidiya ajratiladi, lazerli tekislash uskunasini sotib olgan fermerlar xarajati qoplab beriladi.
Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda hududlarda suv resurslarini samarali boshqarish loyihalarini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Dehqonchilik uchun yer va suv kabi eng zarur manbalardan biri bu mablagʻ. Fermer xoʻjaliklarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, kredit va subsidiya olishni yengillashtirish zarurligi qayd etildi.
Yana bir muhim yoʻnalish meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash. Lekin, hozircha bu boradagi koʻrsatkich past. Bogʻ va uzumzorlarning 20 foizida, sabzavot maydonlarining atigi 7 foizida intensiv usul joriy qilingan.
Shu bois oziq-ovqat sanoatida 2 ming 163 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi qisqarib, eksport imkoniyati ochiladi. 37 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymatni bemalol 3-4 baravarga oshirish mumkinligini taʼkidladi. Mirzaobod, Denov, Parkent, Oʻrta Chirchiq, Urganch va Quva tumanlarida shunga ixtisoslashgan oziq-ovqat sanoat parklarini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Prezidentimiz qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish masalasiga alohida toʻxtaldi.
– Raqamlashtirish boʻlmasa, sohada haqqoniy statistika boʻlmaydi. Toʻgʻri maʼlumot boʻlmagach, agroxizmatlar rivojlanmaydi, fermerlar qachon nimani eksa, koʻproq daromad olishini bilmaydi. Shuning uchun bu jarayonni tezlashtirish kerak, – dedi davlat rahbari.
Shu yil yakunigacha 3 ta, kelgusi yilda 4 ta loyihani yakunlab, yer hisobi, subsidiya ajratish, ekin maydonlarini monitoring qilishni toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Umuman, kelgusi yilda sohada 600 mingta ish oʻrni yaratish hamda eksportni 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi.