Aholi bandligi va farovonligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

0
83
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 iyun kuni qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini koʻpaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Joriy yilda bandlik dasturi doirasida 457 mingta doimiy ish oʻrni tashkil etish koʻzda tutilgan. Buning asosiy manbalari qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik, savdo va servis sohalaridir.

Masalan, magistral yoʻllar boʻyida savdo va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, shahar va tuman markazlarida maxsus koʻchalar tashkil etish orqali 150 mingta ish oʻrni yaratish mumkin.

Aholi bandligini taʼminlashdagi yana bir katta zaxira – yer. Shu yil yanvarda yoshlarga ekin maydonlaridan yer ajratilgani yaxshi natija berdi. Endi, Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xoʻjaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinadi.

Buning uchun joriy yildan boshlab qariyb 100 ming gektar gʻalladan boʻshagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun beriladi. Paxta hosilidan keyin ushbu maqsadlar uchun yana 100 ming gektar yer ajratiladi.

Yoshlarga yer berilishi tajriba boʻlgan edi. Endi katta tizimga oʻtyapmiz. Yerni haqiqiy egasiga – xalqqa beramiz. Hokimlar, sektor rahbarlari qaysi paxta va gʻalla maydonini qisqartirishni aniqlab, ularni ishsiz aholiga berishi zarur. Berganda ham, manfaatdor qilib, adolatli ajratish kerak. Bu yuz minglab odamlarimizni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga yer olgan aholiga urugʻ va koʻchatlar yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni moliyalashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Sir emaski, yer uchastkalarini ajratish masalasi eng chigal muammo, korrupsiyalashgan jarayon edi. Shu bois bugun, 8 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Endi, tadbirkorlik uchun yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechiladi va yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi. Tuman va shahar hokimlarining yer ajratish va ularni qaytarib olish bilan bogʻliq barcha vakolatlari bekor qilindi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari mazkur farmonning ahamiyatiga toʻxtalib, joylarda uning ijrosini tashkil etish, halollik va qonuniylikni taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Aholi farovonligiga daxldor yana bir masala oziq-ovqat mahsulotlarining arzonligidir.

– Narx-navoni arzon qilish bu tadbirkor va chorvadorlarni majburlash, ularga mahsulotini past narxlarda sottirish, degani emas. Birinchi galda, bozorda taklifni koʻpaytirish kerak, – dedi Prezident.

Buning uchun qisqa muddatlarda yuqori natija beradigan yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Shunday tarmoqlardani biri – parrandachilik.

Masalan, parranda 1 kilogramm vazn olishi uchun 1,7 kilogramm, qoramolga esa 8 kilogramm ozuqa-yem talab etiladi. Lekin yurtimizda parranda goʻshti ham, tuxum ham aholi jon boshiga hisoblaganda kam yetishtiriladi.

Shu bois yigʻilishda parranda sanoatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi mexanizmlar belgilandi. Yaʼni, tuxum uchun subsidiya miqdori 3 baravar, parranda goʻshti uchun esa 2 baravar oshiriladi. Omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablagʻni toʻldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi.

Parrandalarni soʻyishga moʻljallangan zamonaviy kompleks loyihalari boʻyicha xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi. Parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Bu tarmoqdagi loyihalarni amalga oshirish uchun Mikrokreditbank orqali davlat tomonidan 50 million dollar resurs ajratiladi.

Mutasaddilarga ushbu tartib va imtiyozlarni joriy qilish, mavjud korxonalarning toʻliq quvvatlarga chiqishiga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Xususiy sheriklik asosida mahallalarda mini-inkubator va mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkichlar tashkil etish, xonadonlarda parranda yetishtirishni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. 

Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qayta tashkil etib, sharoitimizga mos, naslli parranda zotlarini yaratish vazifasi qoʻyildi. Mazkur institutni zarur uskuna va jihozlar bilan taʼminlash, naslli zotlar olib kelish uchun 10 milliard soʻm ajratiladi.

Chorvachilik sohasida 1 mingdan ortiq, baliqchilik yoʻnalishida 317 ta loyihani ishga tushirib, goʻsht yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi.     

Joriy yilda suv tanqisligini inobatga olib, quduq qazishga 200 milliard soʻm ajratilishi aytildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan kamida 10 ming gektar yerni ozuqa-yem yetishtirishga moslashtirish mumkin.

Yigʻilishda viloyat hokimlari ishsizlikni kamaytirish, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini oshirish va narxlar barqarorligini taʼminlash choralari boʻyicha axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.