Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 noyabr kuni bank tizimini isloh etish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklarining rolini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi president.uz.
Kreditlar ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda zarur manba hisoblanadi. Boʻsh mablagʻlarni jalb qilib, ularni kredit sifatida tadbirkor va investorlarga taqdim etadigan tijorat banklarining iqtisodiy jarayonlardagi roli juda katta.
Shu borada koʻrilgan tizimli choralar natijasida oxirgi ikki yilda banklar tomonidan investitsiya loyihalarini kreditlash koʻlami sezilarli darajada kengayib, kredit portfeli hajmi 3,2 barobar oshdi. Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida 6 ming 400 ta loyiha uchun 27 trillion soʻm kredit ajratildi.
Yigʻilishda bank tizimida ijobiy natijalar bilan birga, qator muammolar ham borligi qayd etildi. Joriy yilda Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga bank sohasi boʻyicha 24 mingdan ziyod murojaat boʻlgani shundan dalolat beradi.
Videoselektorda muammoli kreditlar masalasi muhokama qilindi. Bunday kreditlar jami kreditlarning 1,8 foizidan kam boʻlsa-da, yil boshiga nisbatan oshgani qayd qilindi. Hududlar kesimida bunday kreditlarining 76 foizi Toshkent shahriga, 5 foizi Qashqadaryo, 3 foizi Buxoro viloyatiga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, hokimliklar va tarmoqlar tomonidan ayrim loyihalar puxta ishlab chiqilmagani oqibatida bir qator obyektlar oʻz vaqtida ishga tushmagani hamda kreditlar qaytishi choʻzilayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida kredit mablagʻlari ajratilgan ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirish haligacha boshlanmagani tanqid qilindi.
Uy-joy fondini taʼmirlash va turar joy binolarini barpo etishga qaytarish manbalari va imkoniyatlari toʻliq oʻrganilmasdan kredit ajratilishi oqibatida umidsiz qarzlar koʻpaymoqda. Jumladan, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va koʻp qavatli uy-joylar qurilishi boʻyicha katta miqdorda muammoli kreditlar mavjud. Ulardan eng koʻplari – Toshkent shahrida 32 milliard soʻm, Qashqadaryo viloyatida 27 milliard soʻm, Andijon viloyatida qariyb 20 milliard soʻm va Buxoro viloyatida 14 milliard soʻmdir.
Davlatimiz rahbari muammoli kreditlarni qaytarish banklarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishini, ularni undirish boʻyicha banklar, qarzdor korxonalar, kompaniya va uyushmalar, hududlar rahbarlari birgalikda ish olib borishi zarurligini taʼkidladi.
Banklarning kredit uchun resurslar jamlashdagi faolligi ham yetarli emas. Aholi va yuridik shaxslarning boʻsh mablagʻlarini bank depozitlariga, birinchi navbatda muddatli va jamgʻarib boriladigan depozitlarga jalb qilish banklarning moliyaviy barqarorligini oshiradi.
Prezidentimiz tijorat banklari xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarini yanada faol jalb etishi va ularni toʻliq oʻzlashtirishi lozimligini qayd etdi.
Tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablagʻlari deyarli yoʻnaltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.
Oʻtgan ikki yil mobaynida davlat tomonidan banklarning kapitaliga qariyb 1 milliard dollar miqdorida mablagʻlar ajratilgan. Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan davlat ulushiga ega deyarli barcha banklar, jumladan, Qishloq qurilish bank, Sanoatqurilishbank, Asakabank, Agrobank, Mikrokreditbank, Aloqabank va Ipoteka bank ustav kapitalida jismoniy va yuridik shaxslarning aksiyalari ulushi keskin kamaygan. Shuning uchun banklarning ustav kapitaliga xususiy sektor mablagʻlarini faol jalb etish kerakligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda kuzatuv kengashlari banklarning strategik rivojlanish yoʻnalishlarini belgilash va faoliyatini yaxshilash boʻyicha yetarli ish olib bormayotgani muhokama qilinib, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligiga davlat tasarrufidagi banklarning kuzatuv kengashlari faoliyatini tanqidiy oʻrgangan holda, ularning tarkibini tubdan qayta koʻrib chiqish va samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi. Mamlakatimiz moliya muassasalari faoliyatini takomillashtirish uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida mikrokreditlar hajmini keskin oshirish, ularni ajratish tartibini soddalashtirish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.