Aholi bandligini taʼminlash borasidagi imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi

0
74
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish oʻrinlarini koʻpaytirish va kambagʻallikni qisqartirishdir. Bu boradagi manzilli ishlar natijasida oʻtgan yilning oʻzida kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi. 1 million aholi kasb-hunarga oʻqitilib, ish boshlashiga koʻmaklashilib, kambagʻallikdan olib chiqildi.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi, 10 mingta korxonaning faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.

Lekin ayrim hududlarda sustkashliklar ham bor. Masalan, Navoiy, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida kambagʻallikni qisqartirish koʻrsatkichi nisbatan ortda qolgan. Bir qator tuman va shaharlarda bandlik dasturi imkoniyatlar darajasida belgilanmagan.

Shu bois yigʻilishda bandlikni taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yilgi rejalar muhokama qilindi.

– Kambagʻallikni qisqartirishning asosiy omili bu – aholini daromadli ish bilan taʼminlash. Shuning uchun maʼmuriy islohotlar doirasida kambagʻallikni qisqartirishga masʼul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi. Yangi vazirlikka barcha tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Endi, mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka koʻmaklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta vazirlikda boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga 2023 yilgi bandlik dasturini tumanlar kesimida puxta ishlab chiqib, tasdiqlash vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari bunda eʼtibor qaratish zarur boʻlgan yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻlami kengaytirilishi taʼkidlandi. 2022 yilda bu maqsadga qariyb 10 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan edi. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Bunday kreditlarning eng yuqori miqdori ham oshiriladi.

Bandlikni taʼminlashda yana bir katta manba bu – ziroatchilik. Ikki yil ichida aholiga 200 ming gektardan ziyod yer boʻlib berilmoqda. Bu – Samarqand viloyatining jami paxta va gʻalla maydonidan ham koʻp, degani.

Lekin, ayrim joylarda bu ishlar pala-partish tashkil qilinayapti, ekinlar plantatsiya usulida ekilmayapti. Shu bois Prezident yerlarni aholiga qulay joylardan ajratish, ularda bozorbop mahsulotlar yetishtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bu yerlardan samarali foydalanib, 1 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi qayd etildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari xalqimizga Murojaatnomasida tuman va shaharlar iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratilishini aytgan edi.

Yigʻilishda 4 va 5-toifalarga kirgan tumanlarda kambagʻallikni qisqartirish ishlari ham yangicha tashkil qilinishi belgilandi. Unga koʻra, birinchi bosqichda “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqichda ularni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual dasturlar tuziladi. Uchinchi bosqichda oila uchun kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlik loyihalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, mahallalarda 300 ta mikromarkaz tashkil etish boshlandi. Prezidentimiz bunday markazlarni koʻpaytirib, ishsiz aholining hunarmandlik va tadbirkorlik bilan shugʻullanishiga sharoit yaratish muhimligini taʼkidladi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga Savdo-sanoat palatasi bilan birga tumanlarning har biri boʻyicha tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda viloyat va tuman hokimlari hududlardagi imkoniyat va tajribalar yuzasidan axborot berdi.mmm

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.