Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
83
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 

Respublikada har yili aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tasdiqlanadigan dasturlarni amalga oshirish, boʻsh va kvotalanadigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, oʻzini oʻzi band qilishning samarali shakllarini rivojlantirish borasida taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Aholining ishchanlik faolligini va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirishga, ijtimoiy zaif qatlamlar bandligini taʼminlashga, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shunga qaramay, hududlardagi mehnat bozorida hali-hamon yuqori darajada keskinlik saqlanib qolmoqda, doimiy ish oʻrinlarini tashkil etish, yoshlar, xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari bandligini, ayniqsa, qishloq joylarda taʼminlash, shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish masalalari hal etilmayapti.

Ishga joylashtirish sohasida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun kredit, moliyaviy, maslahat-axborot berish xizmatlari va boshqa zarur xizmatlar darajasi pastligicha qolmoqda.

Ishlab chiqarish kadrlari koʻpincha iqtisodiyot tarmoqlarining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini, ularning imkoniyatlari va resurslarini hisobga olmagan holda kasbga tayyorlanmoqda va qayta tayyorlanmoqda. Oqibatda mehnat bozorida ayrim mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar taqchilligi kuzatilmoqda.

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat organlari ishlari samaradorligini oshirish, aholini mehnat faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq maʼqullansin.

2. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi deb yuritiladi) uchun 2018 yilda Respublika byudjetiga qoʻshimcha tushumlar hisobiga 150 milliard soʻm ajratiladi, 2019 yildan boshlab esa byudjet parametrlarida 300 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda qoʻshimcha mablagʻlar ajratish nazarda tutiladi;

2018 yil 15 iyuldan boshlab Mehnat organlari xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Mehnatni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasining Mehnatni ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga ajratmalari hajmlarining 5 foizdan 10 foizgacha oshirilishi hisobiga kengaytiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlarining boʻsh qoldiqlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan tushadigan 50 foiz miqdordagi daromadlar Mehnatni ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat muassasalari shaklida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalarini (keyingi oʻrinlarda – hududiy jamgʻarmalar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantiruvchi manbalar etib belgilansin:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarishdan har oyda tushadigan 40 foizgacha boʻlgan miqdordagi daromadlar;

mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda begʻaraz yordami;

xayriya qiluvchilar – jismoniy va yuridik shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining belgilangan tartibda taqdim etiladigan mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Quyidagilar hududiy jamgʻarmalarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ayniqsa, qishloq joylarda doimiy ish oʻrinlari tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlarini kreditlar bilan qoʻllab-quvvatlash uchun respublikaning tijorat banklarida kredit liniyalari ochish;

ishchi kuchi koʻp boʻlgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi korxonalarni tashkil etish, bunda hududiy jamgʻarmalarning tashkil etilgan korxonalardagi ulushini xususiy sheriklarga keyinchalik realizatsiya qilish shartini nazarda tutish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarorlari boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishga hamda aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.

5. Hududiy jamgʻarmalar daromad qismi boʻyicha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilsin, boʻshab qolgan mablagʻlar hududiy jamgʻarmalarning asosiy vazifalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududiy jamgʻarmaning namunaviy ustavi tasdiqlanishini taʼminlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda hududiy jamgʻarmalar ustavlarini tasdiqlangan namunaviy ustav asosida tasdiqlasin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

a) ushbu qarorning 2 va 3-bandlariga muvofiq shakllantiriladigan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga Respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi va hududiy jamgʻarmalarning mablagʻlari asosan “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va Xalq banki ATBda kredit liniyalarini ochish va keyinchalik mazkur banklar tomonidan respublika tumanlari va shaharlarida yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik va mini-loyihalarni amalga oshirish uchun mikrokreditlar ajratish maqsadida yoʻnaltiriladi;

b) mikrokreditlar kichik tadbirkorlik subyektlariga, fermer va dehqon xoʻjaliklariga, oilaviy tadbirkorlik subyektlariga quyidagilar uchun ajratiladi:

shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, urugʻliklar, koʻchatlar, chorva mollari va parrandalar, qishloq xoʻjaligi inventari va uskunalari, sugʻorish moslamalari (nasoslar, artezian quduqlari va boshqalar) xarid qilish;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskuna va xom ashyo xarid qilish;

xizmat koʻrsatish sohasida, ayniqsa, maishiy, taʼmirlash, taʼlim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori boʻlgan sohalarda faoliyat koʻrsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash;

qishloq tumanlarida, ayniqsa, xotin-qizlar oʻrtasida kasanachilikni rivojlantirish;

tuman va shaharlarning ishlab chiqarish ixtisoslashuvi, mavjud mineral xom ashyo, yer, qishloq xoʻjaligi va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yoʻnalishlar;

v) mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha boʻlgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi, shu jumladan, tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.

Bunda mikrokreditlar aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatga olingan ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam taʼminlangan oilalarning aʼzolariga va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga garov taʼminotisiz eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmda ajratilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandning “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan mikrokreditlarni ajratish tartibini tasdiqlasin.

7. Belgilansinki:

qishloq tumanlarida, bundan aholi soni 5 ming kishidan koʻp boʻlgan aholi punktlari mustasno, sartaroshxona xizmatlarini, yakka tartibdagi buyurtmalar boʻyicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni tashkil etgan, shuningdek, jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023 yil 1 iyulgacha barcha turdagi soliqlar toʻlashdan ozod etiladi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar har bir yollangan xodimga toʻlanadigan qatʼiy belgilangan soliqni toʻlashdan ozod etiladi;

yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyektlari 3 nafargacha doimiy ishchilarni yollashga, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga, shuningdek, mehnatga layoqatli yoshga toʻlgan boshqa yaqin qarindoshlarini, shu jumladan, mehnatga layoqatli yoshga toʻlgan bolalari va nevaralarining er-xotinlarini, mehnatga layoqatli yoshga toʻlgan aka-ukalari va opa-singillarini, ularning er-xotinlarini yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyekti ishtirokchilari sifatida jalb qilishga haqli;

ushbu qarorning 6-bandiga muvofiq birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uni olgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida qatʼiy belgilangan soliq toʻlashdan ozod etiladi;

yakka tartibdagi tadbirkorlar 3 tonnadan ortiq yuk koʻtaruvchi avtomobil transportida yuklarni eng kam ish haqining 2 baravari miqdoridagi stavka boʻyicha tashish xizmatlaridan har oyda olinadigan qatʼiy belgilangan soliq toʻlaydi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi 2018 yil 1 avgustdan boshlab Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga quyidagilarga bir martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik boʻyicha sugʻurtalash tizimini joriy etsin:

aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatdan oʻtgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun xarajatlarni eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida toʻlash;

aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslarni,
shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarni zaxiralangan (kvotalangan) eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga – har bir qabul qilingan xodim uchun har oyda eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida toʻlash. Bunda ishga qabul qilingan mazkur toifadagi shaxslarning bandligini eng kam son (kvota) oshgan sanadan boshlab kamida 12 oy davomida saqlash sharti nazarda tutiladi;

ish beruvchilarga – aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarining yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilingan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub xodimlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarni kasbga qayta oʻqitish va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirishga har bir xodim uchun eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida toʻlash.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatdan oʻtgan ishsiz shaxslarni, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan kasb-hunar taʼlimi muassasalariga grantlar ajratilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida katta sinf oʻquvchilari uchun ular egallashni xohlagan kasblarning asosiy xususiyatlari va kasb standartlarini taʼriflovchi multimedia vositalari bilan jihozlangan situatsion xonalarni tashkil etgan holda kasbga yoʻnaltirish kurslarini oʻtkazishni nazarda tutadigan kasbga yoʻnaltirish dasturini joriy etish masalasi ishlab chiqilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining tasdiqlovchi maʼlumotlari va fuqarolarning arizalari asosida shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida ishlovchi fuqarolarni band boʻlgan shaxs sifatida hisobga olish mexanizmi joriy etilishini;

aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyati keng tushuntirilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasining moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D.Kudbiyev zimmasiga yuklansin.

         Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti        Sh. Mirziyoyev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.