Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 dekabr kuni hududlarda energiya taʼminotini yaxshilash, aholi bandligini oshirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari avvalo soʻnggi kunlarda kuzatilgan energiya taʼminotidagi muammolarga toʻxtaldi. Oxirgi olti yilda 5 ming megavattdan ortiq yangi elektr quvvati yaratilgani qayd etildi. Qiyos uchun: avvalgi 25 yilda 3,5 ming megavatt quvvatlar ishga tushgan.
Shuningdek, 45 ming kilometr elektr tarmogʻi va 13 mingdan ortiq transformator yangilangan. Bu ham avvalgi yillarga nisbatan 3-4 baravar koʻp. Suyultirilgan gaz va koʻmir ishlab chiqarish hajmi esa 1,5 baravar oshgan.
Lekin, bir hafta boʻlgan sovuqda energetika sohasi masʼullari, hokimlar va sektor rahbarlari quyi tizimda ishni tashkil etmagani koʻrinib qoldi. Xalq shunday qiynalgan vaziyatda ham elektr va tabiiy gaz tarmoqlarida oʻgʻirliklar boʻlayotgani keskin tanqid qilindi.
Yigʻilishda bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mutasaddilarga intizomiy choralar koʻrildi.
– Energiya taʼminotidagi bugungi vaziyat tarmoq va hudud rahbarlari uchun katta saboq boʻlishi lozim. Soha korxonalari tizimli ishlashi kerak. Bironta mahallada odamlar norozi boʻlmasligi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari boshchiligida energetika tizimi rahbarlari ikki oy favqulodda tartibda ishlashi belgilandi. Viloyat hokimlariga issiqlik taʼminoti korxonalariga borib, aholiga xizmat sifatini yaxshilash, energiya sarfi va yoʻqotishlarni kamaytirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda aholini daromadli mehnat bilan band qilish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, yil boshidan buyon tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish kabi sohalarda 2 million aholining doimiy bandligi taʼminlandi. Shuningdek, 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnat orqali daromadli boʻldi.
Hududlarda korxonalar 85 mingtaga koʻpayib, ularning soni 550 mingtaga yetdi. Buning hisobiga, 2022 yilda daromad soligʻi toʻlayotgan rasmiy band boʻlganlar soni 400 mingtaga oshib, 5 million 100 mingtani tashkil etdi.
Sanoat sohasida 3 ming 500 ta loyiha bajarilib, 160 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi. Mahallalardagi 35 mingta kichik loyiha doirasida 175 ming, qurilish sohasida 135 ming kishi daromad manbaiga ega boʻldi.
79 ta faoliyat turi boʻyicha oʻzini oʻzi band qilish imkoniyati yaratilgani natijasida bu yil 914 ming nafar fuqaro roʻyxatdan oʻtdi. Ularning soni 2 millionga yaqinlashdi.
Yigʻilishda sohadagi kamchiliklar ham tahlil qilindi. Xususan, bu yil doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan. Xususiy sektorda faoliyat koʻrsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yoʻgʻi 1 nafarni tashkil qiladi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagan.
Bulardan kelib chiqib, hokimlarga qator topshiriqlar berildi.
Kelgusi yilgi vazifalar muhokama qilinar ekan, davlatimiz rahbari toʻrtta asosiy yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi.
Birinchi yoʻnalish – paxta va gʻalladan boʻshagan 100 ming gektarni aholiga boʻlib berish. Bu orqali 600 ming aholini doimiy ish va 900 ming kishini mavsumiy daromad bilan taʼminlash mumkin.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha 600 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan 400 million dollar ham koʻproq ish oʻrni yaratadigan loyihalarga yoʻnaltiriladi.
Pilla yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish maqsadida bu soha ham erkinlashtiriladi. Endi pilla aholidan jahon birjalaridan kam boʻlmagan narxda xarid qilinadi. Bu kamida 500 ming aholini band qilib, daromadini 2-3 baravar oshirish imkonini beradi.
Ikkinchi yoʻnalish – tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning uchun ishsizlik koʻp boʻlgan mingta mahalla uchun mikro-markazlar tashkil etiladi. Hududlardagi 255 ta markaziy va 274 ta mahallalararo koʻchalar savdo-xizmat koʻchalariga aylantiriladi. Avtomobil yoʻllari boʻyida 3 mingdan ortiq yer maydonlarini auksionga chiqarish ham servis sohasida yangi ish oʻrinlari uchun katta imkoniyat boʻladi.
Shu bois tadbirkorlik uchun boʻsh yerlar va obyektlarni savdoga chiqarish boʻyicha topshiriq berildi.
Uchinchi yoʻnalishda sanoat sohasidagi imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi. Xususan, 8 milliard dollarlik 300 ta yirik loyiha, sanoat zonalarida 16 trillion soʻmlik 1 ming 300 ta loyiha natijasida yuqori daromadli ish oʻrinlari paydo boʻladi. 536 ta noruda kon auksion orqali sotilib, qurilish materiallari sohasida yangi korxonalar ishga tushiriladi.
Umuman, investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 ming doimiy ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.
Toʻrtinchi yoʻnalish – qurilish sohasi. Kelgusi yili barcha loyihalar doirasida 90 ming xonadonli uy-joylar barpo etilishi moʻljallangan. Prezident qurilish sohasida ishga qabul qilish boʻyicha mehnat shartnomalarini soddalashtirish zarurligini aytdi. Bu norasmiy sektordagi ishchilarning qonuniy faoliyatga oʻtishiga yoʻl ochadi.
Yigʻilish yakunida Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.