Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 aprel kuni oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash, tadbirkorlik uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar sababli oziq-ovqat mahsulotlari narxi oʻsib bormoqda. Bunday sharoitda ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlashning iqtisodiy chorasi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarishni koʻpaytirishdir.
Shu bois bu yil yurtimizda 7 million 700 ming tonna bugʻdoy, 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirib, ichki bozorni mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlash maqsad qilingan.
Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Avvalo, yangi qoʻshilayotgan 300 ming gektardan ziyod yerdan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Buning 80 ming gektari qisqartirilgan paxta va gʻalla maydonlari boʻlib, 254 ming nafar aholiga ochiq tanlov asosida berilgan. Bu har bir tumanda qoʻshimcha 500 gektar ekin maydoni, degani.
Davlatimiz rahbari dehqonlarni eng qiynaydigan masala sifatli urugʻ topish va yetishtirgan mahsulotini sotish ekanini taʼkidlab, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyat hokimlariga hosildor urugʻ va koʻchat navlarini joylarga yetkazish, mahsulotni kafolatli sotib olish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Buning uchun Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga qoʻshimcha 300 milliard soʻm ajratiladigan boʻldi.
Mahsulot yetishtirish uchun yana bir manba suv omborlari atrofidagi 100 ming gektardan ortiq yerlardir. Bu maydonlarga irrigatsiya tarmoqlari tortib, tadbirkorlarni jalb etib, mos keladigan ekinlar ekish choralari belgilandi.
Ilgari foydalanishdan chiqqan 135 ming gektar yerni qayta tiklash ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun qoʻshimcha imkoniyat ekani taʼkidlandi.
Bugungi kunda aholi ixtiyorida 380 ming gektar tomorqa bor. Ularda meva-sabzavotlar yetishtirilsa, ham roʻzgʻorga baraka, ham umumiy bozorimizga qoʻshimcha mahsulot kiradi. Buning uchun moliyaviy tizim ham bor: shu yil 21 fevralda tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga tajribali mirishkorlar ishtirokida aholiga bozorbop ekinlar yetishtirishni oʻrgatish va koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bu boradagi eng katta muammo suv taʼminoti boʻlishi mumkin. Shu bois, Suv xoʻjaligi vazirligiga har bir mahalla kesimida kanal va ariqlarni tozalash, suv taʼminoti ogʻir joylarda quduq qazish va nasos oʻrnatib, aholi tomorqalariga suv yetkazib berish vazifasi qoʻyildi. Bu ishlar uchun respublika byudjetidan 50 milliard soʻm, mahalliy byudjetlardan yana 50 milliard soʻmdan yoʻnaltirilishi aytildi.
Shuningdek, suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish boʻyicha alohida dastur qabul qilinishi belgilandi. Unga koʻra, 1 oktyabrga qadar 4 ming 500 kilometr sugʻorish tarmoqlari tozalanadi, 231 kilometri betonlanadi, 3 mingta gidrotexnika inshooti taʼmirlanib, 3 mingdan ziyod nasos oʻrnatiladi, 281 ta quduq qaziladi.
Agrar tarmoqni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
2022 yil uchun tijorat banklariga 2 trillion soʻm imtiyozli kredit resurslari berilgan. Lekin bugungi kungacha tijorat banklariga kiritilgan 790 milliard soʻmlik talabnomadan atigi 53 foizi, ayrim hududlarda esa 25-30 foizi moliyalashtirilgan, xolos. Tijorat banklarining bu boradagi faoliyati tanqid qilinib, qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi.
Boshoqli don va oʻsimlik yogʻi xomashyosini koʻpaytirish choralariga alohida eʼtibor qaratildi. Chetdan olib kelinadigan kungaboqar, soya va boshqa moyli ekinlar boʻyicha bojxona imtiyozlari berish hamda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish taklifi bildirildi.
Yigʻilish kun tartibidagi ikkinchi masala – tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlashga oid boʻldi.
Soʻnggi vaqtlarda ayrim hududlarda tadbirkorlar faolligi pasaygani, ular kredit, soliq va infratuzilma bilan bogʻliq qiyinchiliklarga uchrayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois davlatimiz rahbari tadbirkorlarga ragʻbat va madad boʻladigan koʻplab tashabbuslarni ilgari surdi.
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga qoʻshimcha mablagʻ ajratish hamda moliyaviy yordamlar samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Xizmatlar sohasi uchun tijorat banklari orqali tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratilishi belgilandi. Bunda, kredit stavkasi, Tadbirkorlik jamgʻarmasi kompensatsiyasini hisobga olgan holda, 18 foizdan oshmaydi.
Shu bilan birga, viloyatlarda kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 300 million dollar resurs beriladi. Bu mablagʻ tadbirkorlar uchun eng yaxshi shartlar taklif qilgan banklarga 7 yil muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada joylashtiriladi. Bunda, tadbirkorga taqdim etiladigan kredit stavkasi 14 foizdan oshmaydi.
Eksportchi korxonalarning muammolari tahlil qilinib, qoʻshimcha imkoniyatlar belgilandi. Endi ularga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish boʻyicha soddalashtirilgan mexanizm joriy etilib, 80 foiz mablagʻlar qoʻshimcha tekshiruvlarsiz 7 kun ichida qaytarib beriladi.
Eksport masalalarini doimiy oʻrganib, ularni tezkorlik bilan hal qilish boʻyicha yangi tizim yaratiladi. Uzluksiz va doimiy ishlovchi shtab tuziladi, “1094” raqamli “koll-markaz” tashkil etiladi. Ular asosida mutasaddilar eksportchilar bilan uchrashib, muammolarini joyida hal qilib boradi.
Tadbirkorlik uchun yer uchastkalarini auksionga chiqarish ham dolzarb masala. Shu bois, bu borada Vazirlar Mahkamasi huzurida ishchi guruh tuzildi. U boʻsh yerlarni “mahallabay” aniqlash, professional tashkilotlarni jalb qilib, loyihalarni shakllantirish, yer uchastkalarini tadbirkorlarga jozibador qilib sotish ishlarini muvofiqlashtiradi.
Prezidentimiz 2022 yil 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq maʼmurchiligi va tekshirishlar tizimini soddalashtirish vazifasini qoʻydi.
Avvalambor, mol-mulk soligʻini hisoblash tizimi bozor tamoyillariga oʻtkazilganini inobatga olib, samarasiz ishlatilayotgan obyektlar boʻyicha taʼsirchan soliq mexanizmini (qoʻshimcha yuqori soliq stavkalari) qoʻllash tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, aylanmasi 1 milliard soʻmdan oshgan tadbirkorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasi dastlabki oʻrganishsiz, avtomatik tarzda beriladi.
Joriy yilda tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlar soni oshgani qayd etildi. Asossiz aralashuvlarning oldini olish uchun endi 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshirilishi belgilandi.
Ruxsatnoma berish talablarini ham yanada soddalashtirish zarurligi taʼkidlandi. Umumiy ovqatlanish muassasalari uchun sanitariya talablarini qayta koʻrib chiqib, eskirgan talablarni bekor qilish, yetkazib berish xizmatlari bilan shugʻullanuvchilar uchun yengilliklar joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish soʻngida davlatimiz rahbari jamoatchilik eʼtiborini mablagʻlardan oqilona foydalanish masalasiga qaratdi.
– Bugun tadbirkorlik uchun juda katta kredit mablagʻlari – qoʻshimcha 500 million dollar ajratilmoqda. Nima uchun? Chunki, qanchalik qiyin boʻlmasin, hozirgi murakkab vaziyatda xalqimiz farovonligini, davlatimizning barqaror rivojlanishini oʻylashimiz shart. Ajratiladigan har bir dollar, har bir soʻm – byudjetdanmi, bankdanmi – bu hammasi xalqning puli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mablagʻlarni oʻzini oqlaydigan, odamlarning daromadini oshiradigan va ish oʻrinlari yaratadigan loyihalarga yoʻnaltirish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.
Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan ikkita soha boʻyicha hokimlar “yoʻl xaritalari” asosida aniq rejalarini bayon qildi.